O‘zbekistonda vodorod gazida harakatlanuvchi transport vositasi ishlab chiqiladi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi ma’lum qildi

Foto: Leaseplan

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Kanada, Niderlandiya, Ispaniya, Germaniya, Italiya, Avstraliya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, AQSH kabi davlatlarning muqobil energetikani rivojlantirish sohasidagi siyosati va ilg‘or tajribalari o‘rganildi. 

Vodorod — ideal yoqilg‘i bo‘lib, birinchidan, u borliqdagi eng keng tarqalgan element sanaladi. 

Ikkinchidan, uning yonishida katta miqdorda energiya hosil bo‘ladi va biror-bir zararli gazlar ajralib chiqmaydi, faqat toza suv hosil bo‘ladi. 

Insoniyat vodorod energetikasining afzalliklarini ancha oldin anglab yetgan, biroq yirik sanoat ko‘lamida undan yoqilg‘i sifatida foydalanish yo‘lga qo‘yilmagan. 

Bunga sabab – yer yuzida vodorod toza holda uchramaydi, kimyoviy birikmalardan ajratib olingan vodorod esa qazilma uglevodorodlardan ancha qimmat.

Qayta tiklanuvchan energiya manbalari qo‘llanilishining rivojlanishi “yashil vodorod” olish uchun sharoit yaratdi, yangi texnologiyalar rivojlanishi esa olinadigan vodorodning arzonlashib borishiga sabab bo‘lmoqda. 

Bunda qayta tiklanuvchi manbalardan olingan energiya hisobiga elektroliz usuli bilan suvni parchalab olinadi. 

Hozirga qadar Innovatsion rivojlanish vazirligi yosh olim va mutaxasisslarning xorijning yetakchi ilmiy muassasalarida stajirovka o‘tashini moliyalashtirmoqda. 

Institutining qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi sohalarida amaliy ishlanmalarni yaratishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot loyihalarini moliyalashtirish maqsadida vazirlik tomonidan 4 ta loyiha doirasida jami 1,78 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.

Dasturga muvofiq ammiak va vodorodli yoqilg‘i elementlaridan foydalangan holda vodorod gazida harakatlanuvchi transport vositasining tajriba namunasi ishlab chiqiladi. 

Bundan tashqari “Yashil” vodorod yoqilg‘isidan issiqlik va elektr energiyasini olishga mo‘ljallangan tajriba namunasi yaratiladi.

Ekspertlarning prognozlariga ko‘ra, 2050-yilga kelib jahon energetikasidagi vodorod energiyasining ulushi 18 foiz, asr so‘ngiga kelib 40 foizdan ortiqni tashkil etishi kutilmoqda.

1995-yilda Kanada jahonda birinchi bo‘lib shahar transport parkida vodorod yoqilg‘isidan foydalanishni boshlagan.

2005-yildan boshlab shunday loyihalar Niderlandiya, Ispaniya, Germaniya, Italiya, Luksemburg, Islandiyada davlatlarida amalga oshirilmoqda.

2018-2019-yillarda Avstraliya, Janubiy Koreya, Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSHning ayrim shtatlari o‘zining Vodorod strategiyalarini ishlab chiqqan va tasdiqlagan.

Yaponiyaning Vodorod dasturiga muvofiq, 2020-yilda 1,4 mln dona, 2030-yilga kelib 5,3 mln dona vodorodli yoqilg‘i elementlarini foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.

Avvalroq Yaponiya birinchi vodorod poyezdini sinovdan o‘tkazishni boshlagani haqida xabar berilgandi.