DeLorean kompaniyasi elektromotorga ega to‘rt o‘rindiqli fastbek — Alpha5 avtomobilini taqdim etdi, deb xabar beradi Motor1.

Foto: Motor1

Elektromobilning tashqi ko‘rinishini DeLorean dizaynerlari original DMC-12 uchun javobgar bo‘lgan Italdesign atelyesi mutaxassislari bilan hamkorlikda yaratgan. “Kelajakka qaytib” filmida suratga tushgan avtomobildagi kabi yangi modelning eshiklari yuqoriga qarab ochiladi.

Foto: Motor1

Muhandislar avtomobilning aerodinamik qarshilik koeffitsiyentini 0,23 ga qadar tushirishga muvaffaq bo‘lgan. Bu elektromobilga soatiga 100 kilometr tezlikka 3,4 soniyada erishish hamda energiyani tejash imkonini beradi. Mashinaning maksimal tezligi — 241 kilometr/soat. Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, Alpha5 bir marta quvvatlanish orqali 483 kilometr yo‘l bosa oladi.

Foto: Motor1

Avtomobil saloniga to‘rtta alohida o‘rindiq, to‘liq raqamli qurilmalar paneli, shuningdek, axborot-ko‘ngilochar tizim uchun displey o‘rnatilgan.

Foto: Motor1

DeLorean Alpha5 cheklangan — 88 nusxada sotuvga chiqadi. Uning narxi hozircha oshkor etilmagan.

Foto: Motor1

Keyinroq DeLorean model qatorida benzinda ishlovchi V8 dvigatelli kupe, elektrosedan va katta hajmli elektrokrossover paydo bo‘lishi kutilmoqda. Bundan tashqari, 1980-yillardagi original DMC-12 bazasida restomod taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilda Estoniyadagi kiyim do‘konida “Kelajakka qaytib” filmidagi DeLorean avtomobili sotilgan edi.