Hech bir soha yoki mashg‘ulot jins tanlamasligi haqida bot-bot quloqqa chalinadi. Bu kabi gaplar balandparvoz tuyulishi mumkin. Biroq hayotiy namunalar kishida ishonch uyg‘otadi.

“Daryo” nashri yosh iste’dodlarning muvaffaqiyati haqida so‘zlovchi “Qanotsiz parvoz” loyihasini yo‘lga qo‘yib, uning doirasida Google, Microsoft, EPAM, milliy Venchur fondi, AQSH institutidagi laboratoriya hamda Germaniyadagi Henkel kompaniyasida faoliyat yurituvchi yigit-qizlar hamda Shveysariya, Yaponiya, Italiyada ilmiy o‘rganishlar olib borgan qahramonlar hikoyasini taqdim etgandi.

Bugungi suhbatdoshimiz — Aziza Rahmonqulova esa 21 yoshida mamlakat uchun muhim bo‘lgan, hech qachon aktualligini yo‘qotmaydigan IT-mahsulot ishlab chiqqan. U orqali qaysi hududlarida ko‘proq avariyalar kuzatilishini aniqlash mumkin.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Bugungi kunda Astrum akademiyasining data science yo‘nalishida ta’lim olayotgan qahramonimizga nima sababdan “ayollarga mos” — tikuvchilik, shifokor yoki o‘qituvchilik kasblarini egallamagani haqida so‘raganimizda, u “hozirgi Aziza”ga aylanguniga qadar, o‘zini o‘sha kasblarda ham sinab ko‘rganini aytdi:

“Yuqoridagi kasblarning deyarli barchasida faoliyat yuritib ko‘rganman: maktabda matematika fanidan yaxshi bilimga ega bo‘lganim uchun sinfdosh dugonalarimga darsdan so‘ng qo‘shimcha tarzda o‘zim bilgan narsalarni o‘rgatardim.

Keyinchalik shifokor bo‘lishni maqsad qilib, kollejda shu yo‘nalishni tanlaganman. O‘qish davomida esa shifoxonada hamshira sifatida faoliyat yuritganman. Biroq ish davomida tibbiyot sohasi meniki emasligini tushunganman.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Onam tikuvchi bo‘lganlari va menga ham o‘rgatganlari uchunmi shu kasbga qandaydir qiziqish bo‘lgan va O‘zMUning kimyo fakultetiga o‘qishga kirgach, poytaxtga ko‘chib kelganimda 1 hafta tikuvchilik bilan shug‘ullanganman. Lekin bilganmanki, u ish ham menga to‘g‘ri kelmasdi” — deydi Aziza.

O‘zlikni topish va anglash davri butun umrga ta’sir qiluvchi davr bo‘lishiga qaramay, unda ko‘pchilik o‘zini eshita olmaydi. Ba’zan tushunmaydi ham. O‘rta yoki oliy ta’lim tanloviga kelganida esa kimlarningdir fikri bilan hisoblashadi yoki odatiy — balli past bo‘lgan yo‘nalishlarga o‘zini uradi.

Oqibatda uch yoki to‘rt yillik umrini qiziqmagan bilimlarni o‘rganishga, ba’zan hatto bekorchilikka sarflab qo‘yganini bilmay ham qoladi.

Uni tamomlagan “mutaxassis”lardan tashkil topgan kelajakni tasavvur ham qilish qiyin, aytish og‘ir.

Biroq so‘nggi vaqtlarda ingliz, rus tili o‘qituvchilarining o‘sha tildagi so‘zlarni o‘quvchiga kulgili shaklda aytib, dars o‘tayotgani aks etgan videolar yoki shifokorning noto‘g‘ri diagnozi oqibatida bemorning hayotdan yosh ko‘z yumayotgan holatlariga tez-tez guvoh bo‘lyapmiz. Buning ildizi ham yuqoridagi “ixtiyoriy-majburiy” tanlovlarga borib taqalayotgan bo‘lsa, ajabmas.

Aziza esa o‘sha davrdan to‘g‘ri o‘tgani hamda o‘zini qiziqish va iqtidorini aniq baholay olgani uchun ham bugun o‘z sohasida inson hayoti va kelajak uchun muhim bo‘lgan IT-mahsulot yaratdi.

Bundan taxminan ikki yil oldin, ya’ni 2020-yil boshlarida IT’ni o‘rgana boshlagan Aziza avvaliga bu haqda ota-onasiga aytmagan. Mutaxassis buni quyidagicha izohlaydi:

“Chunki ular IT, programming, clouding nima — bilishmasdi. Hozir ham qilayotgan ishlarimni ko‘rsatsam, unchalik tushunishmaydi. Ularga data scientist kimligini tushuntirishga haligacha qiynalaman.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Lekin ota-onam meni har bir tanlovimda qo‘llab-quvvatlaydi. Biror nima qilishni xohlasam, hech qarshilik qilishmagan. Masalan, universitetdan ketishga qaror qilganimda ham “Mayli, agar shuni to‘g‘ri deb bilsang va kelajakda afsuslanmasang, bo‘ldi” deb javob berishgan. Doim shunday — maslahat berishadi, ammo qat’iy cheklov qo‘yishmaydi. Asosiy qarorlarimni o‘zim qabul qilaman”.

Sog‘lig‘idagi muammolar hamda vaqtini mazmunli sarflash maqsadida universitetdagi o‘qishini to‘xtatgan

“Sog‘lig‘imdagi ba’zi muammolar sababli O‘zMUdagi o‘qishimni bir yarim yildan so‘ng yakunlaganman. Universitetni to‘xtatishga majbur bo‘lganman, ammo keyinchalik davom ettirish imkoni bo‘lganida ham o‘qishga qaytmadim. Sababi — universitet uchun uzoq vaqt sarflashdan ma’no ko‘rmaganman”, — deydi Aziza.

Sayt muallifi keyinchalik O‘zbekistonda Turkiyaning iqtisodiyot va texnologiyalar universitetiga o‘qishga kirgan. Afsuski, u universitetda ham ko‘p emas — atigi ikki oy o‘qigan. So‘nggi universitetidagi yo‘nalishi elektron biznes va IT bo‘lgan. Aynan o‘sha yerda o‘qish davomida boshqa sohaga — biotibbiyot muhandisligi yo‘nalishiga qiziqib qolgan.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Bu haqda maqolalar o‘qib ko‘rganimda menga juda yoqadigan bo‘ldi. Shundan keyin mening kelajakdagi yo‘lim shu sohada ekanini sezdim. Universitetdagi o‘qishni davom ettirish esa vaqtimni olib qo‘yayotganday tuyuldi va unga ham yakun yasadim, — deya qo‘shimcha qildi Aziza.

Ushbu sayt avariyalarni tahlil qilish maqsadida IIV YHX xodimlari uchun maxsus yaratilgan

IT-mutaxassis ushbu saytni asosan avariyalarni tahlil qilish maqsadida IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari uchun maxsus yaratgan. Shunday bo‘lsa-da, saytdan istalgan kishi foydalana oladi.

Bu IT-mahsulotim Toshkent shahrida bo‘layotgan avtohalokatlarni vizual tarzda ko‘rsatadi. Ya’ni siz veb-saytga tashrif buyurganingizda ekranda xarita hosil bo‘ladi. Unda ko‘k, yashil, sariq va qizil ranglar paydo bo‘ladi. Qizil hududlar — avtohalokatlar eng ko‘p sodir bo‘ladigan hudud ekanini bildiradi, — deydi mutaxassis.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu sayt hozircha faqat Toshkent shahri uchun ishlaydi. Bunga sabab sifatida esa respublika bo‘ylab avtohalokatlar haqidagi ma’lumotlarning mavjud emasligini ko‘rsatdi.

Foto: Skrinshot / “Daryo”

IT-mutaxassisning ma’lum qilishicha, u yaqin kelajakda saytni respublika miqyosida ishlaydigan darajaga olib chiqmoqchi. Ya’ni hozir so‘z bilan yozilgan ma’lumotlarni raqamlashtirish ustida ishlamoqda.

Haydovchilarning uquvsizligi natijasida kelib chiqayotgan avariyalar taxminan 10 foizni tashkil etsa, tezlik oqibatida sodir bo‘layotgan YTHlar soni undan ancha yuqori

2022-yilning yanvarida ushbu dastur ustida ishlashni boshladim. O‘sha vaqtda sodir bo‘lgan YTHlar statistikasi e’lon qilingan. Unda 2021-yil davomida 10 mingdan ortiq avariya sodir etilgani, uning oqibatida ikki yarim mingga yaqin inson vafot etgani ma’lum bo‘ldi, — deydi Aziza.

“Shu ma’lumotni eshitgach, men nima qilishim mumkin, deb o‘ylay boshladim. Keyin avariyalar haqida ma’lumot beruvchi ochiq ma’lumotlar portalini topib, ular yordamida o‘z saytimni yaratishga qaror qildim”, — deya qo‘shimcha qildi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Mutaxassisning tushuntirish berishicha, avariyalarni aniqlash usuli taxminan shunday — ochiq ma’lumotlar portalida tegishli hududlarda sodir bo‘lgan YTHlar haqida ma’lumot beriladi. Unda qachon va qayerda sodir bo‘lgani, YTH turi, nechta avtomobil ishtirokidaligi va ba’zan qanday ob-havo sharoitida sodir etilgani hamda uning oqibatlari IIV xodimlari tomonidan kiritib boriladi.

Yanvar oyida ICT4Girls mentorship loyihasida 500 ga yaqin qizlar orasidan suhbat asosida saralangan Azizaning yaratgan IT-mahsuloti, uning o‘z ustida ishlash uchun qayerdan motivatsiya olishi, o‘z kelajagini qaysi sohada ko‘rishi hamda siyosat olamidagi ba’zi mantiqsizliklarga munosabati haqida batafsil yuqoridagi videoda ko‘rish mumkin.