Buyuk Britaniya Rossiya hukumatining ogohlantirishlaridan keyin Ukrainaga uzoq masofali baravar o‘t ochish reaktiv tizimlarini yetkazib berish g‘oyasidan voz kechmaydi. Kiyevga M270 qurilmasini topshirish rejalarini qirollik mudofaa vaziri Ben Uolles tasdiqladi, deb yozadi “RBK”. Ularning aniq sonini vazir ma’lum qilgani yo‘q.

M270 baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari

Foto: Reuters

“Rossiya taktikasini o‘zgartiryapti — bizning Ukrainaga ko‘magimiz ham o‘zgarishi kerak”, — deya bu qarorni izohladi Uolles.

The Guardian manbasi ma’lumotlariga ko‘ra, London Kiyevdan baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berish uchun foydalanmaslikni kafolatlashini talab qilgan va “qurol tegishli tarzda” — “Ukrainani Ukraina hududida himoya qilish uchun” ishlatilishiga ishonchbor. Gazeta maqolasiga ilova qilingan sxemada M270 tasviri yonida qurilma bilan qo‘llaniladigan raketalardan biri — M31A1 aks etgan, uning parvoz masofasi 80 kilometrgachadir.

Avvalroq Uolles Ukrainaga M270 yuborish rejalarini e’lon qilib, qaror Kiyevga HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlarini yetkazadigan AQSH bilan muvofiqlikda qabul qilinganini qayd etgandi.

Bundan avvalroq AQSH Davlat departamenti “Ukrainadagi jang maydoni doirasidan tashqariga chiqadigan” katta masofali raketalarni yubormaslikka va’da bergandi. Kiyev Vashingtonni reaktiv tizimlardan Rossiya hududiga zarbalar berishda foydalanmasligiga ishontirdi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham katta masofali G‘arb quroli yordamida Rossiyadagi nishonlarga hujumlarni istisno qildi.

Rossiya hukumati Kiyevga qurol yetkazib berayotgan mamlakatlarni nizoni cho‘zishga intilishda ayblamoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 5-iyun kuni e’lon qilingan intervyusida agar chet mamlakatlar Kiyevga uzoq masofali raketalarni yetkazib bersa, harbiylar Ukrainada avval zarba berilmagan obyektlarni nishonga olishni boshlashini aytdi.

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri o‘rinbosari Jeyms Xippi avvalroq Ukraina qurolli kuchlarining G‘arb quroli yordamida Rossiyadagi harbiy nishonlarga ehtimoliy zarbalari “qonuniyligi” haqida gapirgandi. Rossiya mudofaa idorasi shundan keyin London tomonidan provokatsiyalarga yarasha javob berilishi haqida ogohlantirdi.