Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 6-iyun kuni Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Xususan, fraksiya a’zolari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi atroflicha muhokama qilingan. Qonun loyihasi bilan daraxt va butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikastlantirganlik, yo‘q qilganlik yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazganlik uchun jarima miqdorlarini oshirish belgilanmoqda.

Shuningdek, ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan huquqbuzarlik uchun o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish choralarini belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Fraksiya a’zolari tomonidan loyihadagi har bir norma atroflicha muhokama qilinib, bir qator takliflar berilgan. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Deputatlar yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan boshqa qonun loyihalariga ham elektorat manfaati nuqtai nazaridan munosabat bildirishgan. Kun tartibidagi masalalar yuzasidan fraksiyaning tegishli qarori qabul qilingan.

Avvalroq  O‘zbekistonda daraxt, buta, o‘simliklarni qonunga xilof ravishda kesganlar haqida ma’lumot bergan fuqarolarga qancha mablag‘ to‘lanishi, daraxt kesishga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilishi, 2021-yilning 10 oyi davomida daraxtlarning noqonuniy kesilishidan keltirilgan zarar 10 mlrd so‘mdan oshgani haqida xabar berilgan.