Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov bugungi kunda faoliyat yuritayotgan hokimlarni uch toifaga ajratishini aytdi. Bu haqda u “Daryo” bilan suhbatda gapirgan.

“Ish tajribamdan kelib chiqib, hokimlarni uch toifaga ajrataman. Birinchisi boqimanda hokimlar bo‘lib, ular faqat davlat qilib berishi kerak deya yelkasidagi barcha mas’uliyatni davlatga yuklaydi. Ikkinchi toifa hokimlar esa, ma’lum ma’noda davlatga suyanadi. To‘g‘ri, o‘zida ham harakat bo‘ladi. Ammo kam miqdorda. Uchinchi toifa hokimlar esa, yonib turgan, tashabbuskor hokimlar. Ularga yo‘nalish berilsa bas, o‘zi mablag‘ topadi, tadbirkor va investor jalb qiladi va fuqarolarning ko‘nglini topib, aytilganidan-da ortig‘i bilan bajaradi. Surxondaryoda har uchala toifadagi hokimlar ham bor”, — deydi Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov.

To‘ra Bobolov.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Surxondaryo hokimining aytishicha, viloyatda faoliyat yurituvchi tuman va shahar hokimlari faoliyatiga surxondaryoliklar yetarlicha baho bermoqda.

“Surxondaryoliklar bir tumandan ikkinchi tumanga o‘tganda yoki shaharga kelganda qilinayotgan ishlarni ko‘rib hokimlar faoliyatiga baho berib bormoqda. Tuman va qishloqlarda bo‘layotgan o‘zgarishlarni kuzatib, hokimlar qanday ishlayotganini bilishingiz mumkin”, — deydi viloyat hokimi.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

To‘ra Bobolovning aytishicha, tadbirkorni qo‘llab-quvvatlagan, uning muammosiga e’tiborsiz bo‘lmagan hokim bugungi kunning eng yaxshi rahbari hisoblanadi.

“Pandemiya davrida bizni va xalqimizni qo‘llab-quvvatlagan, yonimizda turgan kim bo‘ldi? Albatta, tadbirkorlar. Ularning yordami bilan qiyin vaziyatdan ham chiqdik va yana davom etyapmiz. Shuning uchun tadbirkorni qo‘llagan va uning muammosiga e’tiborsiz bo‘lmagan rahbar hududini rivojlantiradi”, — deydi To‘ra Bobolov.

Surxondaryo hokimi Angor, Sherobod, Muzrabot, Sho‘rchi va Denov tumani hokimlarini hududdagi boshqa hokimlarga namuna sifatida ko‘rsatishini aytdi.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

“Xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Angor tumanida juda katta o‘zgarishlar bor. O‘tgan bir yil ichida tumanda 986 ta xizmat ko‘rsatish obyekti ishga tushdi. Hokim tadbirkorni qo‘llab-quvvatlayapti. Fuqarolarga to‘g‘ri tushuntiryapti. Bu yerda juda katta ish bor. Qumqo‘rg‘on tumani hokimi ham tashabbuskor va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlovi hokim. Shuningdek, Sherobod, Muzrabot va Sho‘rchi tumanlarida ham katta o‘zgarishlar bor. Denov tumani esa Yangi O‘zbekistonning yangi Denoviga aylandi”, — dedi viloyat hokimi.

To‘ra Bobolovning tan olishicha, viloyatda boqimanda hokimlar ham bor.

“Bizda ishlolmayotgan, boqimanda hokimlarga dakki berilmaydi, surxondaryochasiga boshqacha qilib tushuntiriladi. Shundan so‘ng, hammasi jonlanadi. Bilmayotganiga, ishlashni xohlamayotganiga shunday qilib tushuntirib, ularni uyg‘otamiz”, — deydi viloyat rahbari.

To‘ra Bobolov.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Surxondaryo hokimi viloyat poytaxtdan 700 kilometr uzoqlikdagi hududligi bois ham uzoq yillar davomida e’tibordan chetda qolganini, keyingi olti yil davomida qilingan ishlar viloyatning rivojlanishiga turtki berganini aytmoqda.

“Viloyat avval faqat qishloq xo‘jaligi, xususan paxta va g‘allachilik bilan shug‘ullanib kelgan. Endi paxtaning ham g‘allaning ham o‘z egasi bor. Endi sanoatlashgan, eksportlar ishongan viloyatga aylanyapmiz”, — deydi To‘ra Bobolov.