53 yoshli Endi Stoun qo‘shiqchi Merayya Kerini “All I Want for Christmasn Is You” Rojdestvo qo‘shig‘ining mualliflik huquqlarini buzgani uchun sudga berdi, deb yozadi The Guardian.

Foto: Marieclaire

Stounning hisoblashicha, u xuddi shu nomdagi qo‘shiqning hammuallifi hisoblanadi va undan foydalanishga ruxsat bermagan. U qo‘shiqchidan 20 million dollar talab qilmoqda.

Merayya Kerining “All I Want for Christmas Is You” qo‘shig‘i 1994-yilda chiqqan va uning “Merry Christmas” nomli to‘rtinchi studiya albomidan o‘rin olgan. Kerining qo‘shig‘i ko‘plab davlatlarda yuqori reytinglarni qayd etib, unga 60 million dollardan ortiq daromad olib kelgan. Trek Spotify’da 1 milliard martadan ortiq tinglangan.

Da’voga ko‘ra, Stounning “Vince Vance and the Valiants” guruhi “All I Want for Christmas Is You”ni 1989-yilda yozgan va taqdim etgan, 1993-yilda unga klip ishlangan. Musiqachi Keri hamda uning hammuallifi Uolter Afanasyevni o‘z qo‘shig‘ining “mashhurligi va noyob uslubidan foydalanganlikda” ayblamoqda.

The Guardian’ning ta’kidlashicha, Keri va Stounning qo‘shiqlaridagi matn va musiqa turlicha. Bundan tashqari, AQSH Mulliflik huquqlari byurosi “All I Want for Christmas Is You” nomli 177 ta qo‘shiqni ro‘yxatdan o‘tkazgan.

Stounning advokatlari qo‘shiqchi bilan birinchi marta o‘tgan yili bog‘langan, biroq “biror kelishuvga erishilmagan”. Marayya Keri o‘zining 2020-yilgi memuarlarida “All I Want for Christmas Is You” treki uchun avvaliga Rojdestvodan ilhomlanilmaganini bildirgan.