Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov “Daryo” bilan suhbatda hokimlarning farzandiga qimmatbaho sovg‘alar berishi haqida gapirib, “hokimlarning farzandi ham, boshqalarning farzandi kabi farzand, ularning ham orzu-havasi bor”, dedi.

“Daryo” muxbiri To‘ra Bobolov bilan suhbatda internetda viloyat hokimlarining farzandlariga qimmatbaho mashina sovg‘a qilgani aks etgan videolar tarqalganini eslatib, To‘ra Bobolov o‘g‘liga qimmatbaho mashina sovg‘a qilgani aytilgan videoga e’tibor bergan yoki bermaganini so‘radi.

To‘ra Bobolov.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

“Hokimlarning farzandi ham boshqalarning farzandi kabi farzand. Ular ham yaxshi niyat qiladi. Orzu-havas qiladi. Shuningdek, har bir ota-ona yoshlarning, farzandining orzu-havasiga e’tiborli bo‘lishi kerak. Va yaxshi kunlari tarixga muhrlanib qolishini istaydi. Ammo me’yordan oshirmaslik kerak. Aynan men ota sifatida shunga e’tibor beraman”, — dedi viloyat hokimi.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

2020-yil xonanda Munisa Rizayeva Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning kichik qizi 19 yoshga to‘lishi munosabati bilan 16-avgust kuni tashkil etilgan oilaviy marosimda xizmatda bo‘lgani, marosimdan foto va videolar 17-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgani xabar berilgandi.

E’lon qilingan videoyozuvlarda hokim qizi bilan birgalikda katta bayram tortini kesayotgani aytilgandi. Shuningdek, hokim qiziga Gentra avtomobilini sovg‘a qilgani xabar berilgandi.

Andijon viloyati hokimligi axborot xizmati to‘yning birinchi qismi haqiqatdan ham hokim qizining to‘yidan olinganini, ammo videoning ikkinchi qismi bu to‘yga taalluqli emasligini bildirib, “Hurmatli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, yuqoridagilarni inobatga olib, yolg‘on axborot tarqatish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish holatlari uchun qonuniy jazo choralari mavjud ekanini eslatib o‘tamiz”, — degandi.