AQSH Donetsk Xalq Respublikasi sudi tomonidan ikki britaniyalik va bir nafar marokashlikka o‘lim jazosi tayinlanganidan xavotirda. Bu haqda Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.

Shon Pinner

Foto: “RIA Novosti”

“Biz Rossiya va uning nazorati ostidagi kuchlarni xalqaro gumanitar huquqqa, jumladan, harbiy asirlarga berilgan huquq va himoyaga hurmat ko‘rsatishga chaqiramiz”, — deb yozadi Blinken. Unga ko‘ra, hukm qilingan xorijliklar Ukraina Qurolli kuchlarida qonuniy asoslarda xizmat qilgan.

Shu bilan birga, Blinken, agar hukm amalga oshirilsa, AQSH uning ijrosiga biror tarzda javob qaytaradimi yoki yo‘qligini aytmagan.

DXR Oliy sudi Ukraina tomonidagi jangovar harakatlarda yollanma jangchilar sifatida qatnashganlikda ayblangan britaniyalik Shon Pinner va Eydin Eslinni hamda marokashlik Saadun Bragimni o‘lim jazosiga hukm qilgan edi. Jazo sudlanuvchilarga “jinoyatlar jamlanmasi bo‘yicha” tayinlandi.

Ular ustidan sud jarayoni 7-iyun kuni boshlangan, ular DXR Jinoyat kodeksining 34-moddasi (“Bir guruh shaxslar tomonidan jinoyat sodir etish”), 323-moddasi (“Hokimiyatni majburan tortib olish yoki hokimiyatni majburan ushlab turish”) va 430-moddasi (“Yollanish”)  bilan ayblanmoqda. Mahbuslar o‘z ayblariga qisman iqror bo‘lgan.

Britaniya rasmiylari ham ushbu hukmni qoraladi. Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass DXR sudining qarorini to‘qima va hech qanday qonunga asoslanmagan deb atadi.