Britni Spirs o‘z uyida orzusidagi to‘yni tashkillashtirib, uchinchi marotaba turmushga chiqdi. Qo‘shiqchining birinchi turmush o‘rtog‘i tantanali marosimni buzishga urindi, deb xabar beradi Marie Claire.

Foto: Marie Claire

Britni Spirs va Sem Asgari va nihoyat oila qurdi. Pop qo‘shiqchi va fitnes-murabbiy o‘rtasidagi munosabatlar qariyb besh yildan buyon davom etib kelayotgandi. Ular 9-iyun kuni qo‘shiqchining Thousand Oaks nomli uyida ko‘plab guvohlar qarshisida nikoh uzuklarini almashgan. To‘yga taklif etilgan mehmonlar orasida Britnining onasi Linn Spirs, otasi Jeyms Spirs va singlisi Jeymi Linn Spirs bo‘lmagan (faqat ukasi Brayan taklif etilgan). Marosimda Madonna, Dryu Berrimor, Peris Xilton, Selena Gomes va qo‘shiqchining kelin ko‘ylagi muallifi Donatella Versache ishtirok etgan.

Foto: Marie Claire

Juftlik 2021-yilning sentabr oyida, Britni otasining 13 yillik vasiyligidan qutulganidan so‘ng unashtirilgan edi. Spirs muxlislarini o‘z rejalari haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali xabardor qilib borgan. Shundan buyon u Asgari bilan Kabo, Kankun, Las-Vegas va Gavaida hordiq chiqarib keldi.

Foto: Marie Claire

Thousand Oaks hovlisiga to‘y chodiri o‘rnatilib, nastarin gullari bilan bezatilgan. Shuningdek, Zolushkaning nur sochayotgan karetasi oq otlar bilan paydo bo‘lgan. Kelin-kuyov to‘yni Just Married yozuvi tushirilgan va gullar bilan qoplangan oq Rolls-Royce’da tark etgan.

Foto: Marie Claire

Ta’kidlash kerakki, bu hozirda 40 yoshni qarshilagan pop-qo‘shiqchining uchinchi marta oila qurishi hisoblanadi. 2004-yilda u bolalikdagi do‘sti Jeyson Aleksandrga turmushga chiqqandi. Biroq 55 soat davom etgan nikoh bekor qilingan va qo‘shiqchi “ahmoqlik qilib qo‘yganini” tan olgan. Bir necha oy o‘tib, u Gollivuddagi Joseph klubida tanishib qolgan o‘yinchi Kevin Federlaynga turmushga chiqqan. Ular 2007-yilga qadar birga yashab, ikki nafar farzandni tarbiyalagan. Hozirgi turmush o‘rtog‘i bilan esa 2016-yilda Slumber Party klipini suratga olish jarayonida tanishgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Britnining birinchi turmush o‘rtog‘i to‘yni buzishga uringan. Jeyson Aleksandr marosimdan bir necha soat oldin uning uyiga bostirib kirib, ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri translyatsiyani amalga oshirgan. Oxir-oqibat Jeysonni qo‘riqchilar ko‘chaga kuzatib qo‘ygan.