Kanadalik qo‘shiqchi Jastin Biber muxlislariga Torontodagi konsertini yuzining yarmi falaj bo‘lib qolgani sabab qoldirishga majbur bo‘lganini tushuntirdi. U Ramsey-Xant sindromidan aziyat chekishini ma’lum qilgan, deb xabar beradi “Pravilamag”.

Kadr: Instagram

“Aynan shu virus qulog‘im va yuzimdagi nervlarimga shikast yetkazib, yuzimni falajladi”, — deydi Biber. Qo‘shiqchi o‘ng ko‘zini pirpirata, to‘liq kula va yaxshi ovqatlana olmayapti. “Tanam sekinroq harakatlanishimni maslahat beryapti. Umid qilamanki, tushunasizlar”, — deydi u konsertning ko‘chirilganiga izoh berib.

Artist to‘liq tuzalib ketib, konsert dasturlarini qayta tiklashiga ishonch bildirgan, biroq davolanishga qancha vaqt ketishi noma’lum. “Yuzimga normal holatni qaytarish uchun mashqlar qilyapman”, — deydi u.

Biber Ramsey-Xant sindromining rivojlanib ketishiga nima sabab bo‘lganini aytmagan. Daily Mail versiyasiga ko‘ra, bu suvchechak asoratlari bo‘lishi mumkin. Shuningdek, bunga qo‘shiqchining immuniteti pasayib ketganiyam sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda — Biber Laym kasalligidan davolanishi sir emas.