So‘nggi oylarning eng aktual mavzularidan biri — O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarning borishi. O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” partiyalarining boshlang‘ich harakatlari, Konstitutsiyaviy komissiya tuzilishi, o‘tkazilayotgan yig‘ilishlardagi muhokamalar nafaqat ommaviy axborot vositalari, balki jamoatchilikning ham e’tiborini o‘ziga tortdi.

Fuqarolar o‘zlariga qulay bo‘lgan platformalar orqali mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar bildirmoqda. “Daryo” e’tiborga molik takliflarni bir joyga to‘pladi.

Prokuratura va sud huquq faoliyati”ga oid takliflardan biri fuqaro Doniyor Tojiqulov tomonidan yuborilgan. Unga ko‘ra, amaldagi konstitutsiyaning 120-moddasi, 3-qismiga o‘zgartirish kiritish zarur, ya’ni prokuratura xodimlari ma’lum yilga xalq tomonidan saylanishi taklif qilinmoqda.

Takliflardan yana biri — O‘zbekiston prezidentiga davlat budjeti hisobidan hududlarga, jismoniy va yuridik shaxslarga har qanday ko‘rinishda subsidiyalar, imtiyozlar, kompensatsiyalarni berishni qat’iyan konstitutsiyaviy norma bilan taqiqlash lozim. Ushbu taklif Nasimbek Payg‘amov tomonidan berilgan.

Berilgan taklifdan biri ham cheklashga oid. Otabek Ostonovning taklifiga ko‘ra, barcha pog‘onadagi rahbarlarning o‘zi rahbarlik qilayotgan davrda hamda ketganidan so‘ng kamida 5 yil mobaynida farzandlari va qarindoshlari o‘sha tizimda faoliyat ko‘rsatishini cheklash zarur.

Shuningdek, rahbar o‘zining va qarindoshlarining nomida bo‘lgan mol-mulk haqida deklaratsiya to‘ldirishi kerak.

Amaldagi konstitutsiyaning 41-moddasiga ham o‘zgartirish kiritish taklif qilingan. Undagi “bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi” jumlasidagi “bepul” so‘zini “pullik” bilan almashtirish kerak. Taklif beruvchi Nuraddin Raxmanovga ko‘ra, “shunda davlat va xususiy ta’lim o‘rtasida raqobat muhiti paydo bo‘ladi”.

Farrux Toshmurodov esa UzAuto’ni isloh qilishga oid takliflarni bergan. Avtomobil ishlab chiqarish sohasida sog‘lom raqobatni shakllantirish zarurligi aytilgan taklif O‘zbekistonning bosh qomusida belgilanishi zarurligi e’tiborga molik.

Fuqaro, shuningdek, soliqlar va bojxona to‘lovlari bo‘yicha ham takliflar bergan.

“Fuqaro” atamasini o‘zgartirish zarur. Bu — konstitutsiyani isloh qilishga oid takliflardan biri. Baxtiyor Qurbonov ushbu atamani “vatandor”ga almashtirishni taklif qilyapti.

Uning yozishicha, “fuqaro” arabcha so‘z bo‘lib, o‘zbek tilida “kambag‘allar” degan ma’noni, “O‘zbekiston fuqarosi” so‘zi esa “O‘zbekiston kambag‘allari” degan ma’noni bildirar ekan.

Siyosiy partiyalar tashkil qilishni osonlashtirish yuzasidan ham takliflar bor. Boxodir Atamurodovning bildirishicha, o‘zi siyosiy partiyalarning faoliyatidan qoniqmasligi sabab shunday taklifni bergan.

Takliflardan yana biri — qo‘shxotinlikka ruxsat berish. Sherzod Xatamov ajrimlar ko‘payib ketayotgani, buning yagona yechimi esa qo‘shxotinlikka ruxsat berish ekanini aytgan.

“Agar qo‘shxotinlikka ruxsat berilsa, boshi ochiq ayollar juda kamayib ketadi”, — deyiladi berilgan taklifda.

Piyodalar xavfsizligiga doir takliflardan biri — shahar markazlaridagi piyodalar o‘tish yo‘laklarini yuqoridan, ko‘prik shaklida qilish kerak.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha takliflar bisyor. Ulardan e’tiborga moligi, jumladan, shunday: “Pora berganning ham, olganning ham ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlari (o‘rta maxsus, oliy) bekor qilinsin”.

“O‘zbekiston Respublikasi har qanday harbiy bloklarga a’zo bo‘lishi mumkin emas”. Bu Konstitutsiyada aniq belgilab qo‘yilishi aytilgan takliflardan biri.

Xurshid Kulmamatov pasport olish uchun rasmga tushishda ayollarga hijobda bo‘lishga ruxsat berishni taklif qilmoqda.

Ulmas Botirov millat va mamlakat nomini o‘zgartirishni taklif qilyapti. Unga ko‘ra, O‘zbekiston nomini Turkistonga, o‘zbek nomini turkka o‘zgartirish zarur.

“Konstitutsiyada aniq-tiniq belgilash kerak”, — deyiladi taklifda.

Farzand (bola) puli olish bo‘yicha ham taklif bor. Unda aytilishicha, har bir tug‘ilgan farzand uchun 3 yoshgacha bola puli otasining oylik maoshidan qat’i nazar belgilanishi kerak.

“Hozirgi globallashuv zamonida fuqarolarning bir davlatdan ikkinchi davlatga ko‘chib yashashi yildan yilga oshib boryapti”. Shu sabablar Og‘abek Yusupovni qo‘shfuqarolikni konstitutsiyada belgilashni taklif qilishga undagan. Uning aytishicha, hozirgi kunda 64 ta davlatda qo‘shfuqarolik tatbiq etilgan.

Rus tilli maktablariga millati o‘zbek fuqarolarni qabul qilish to‘xtatilishi, davlat idoralarida boshqa tilda gapirgan xodimlarga jarimalar qo‘llanishi — bularning bari konstitutsiyani o‘zgartirishga oid berilgan taklifdan.

Taklif egasi Javohir Norqulovga ko‘ra, shu orqali o‘zbek tilining maqomi kuchayadi.

YPX jarimalari bo‘yicha berilgan taklifda jarimalarni oylik maoshdan kelib chiqib belgilash zarurligi aytilgan. O‘zbekistonning bosh qomusida shu kabi masalalarning o‘rin olishini o‘ylash ham ajablanarli, aslida.

Maktablarda o‘quvchilarni o‘qituvchilar 2, 3, 4, 5 kabi tizimda baholashadi. Hokimlarni ham shunday baholash mumkinmi? Bahram Jabbarbergenov esa aynan shunday portal bo‘lishini va hokimlarni baholab borish kerakligini taklif qilyapti.

Vazirlik va agentliklarni qisqartirish zarur — bu ham konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha taklif. Unda aytilishicha, Innovatsion rivojlanish vazirligi tugatilib, pullar innovatsion texnologiyalarga ajratilishi kerak yoki Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tugatilib, kambag‘allarga ish o‘rni yaratilishi zarur.

Prezident, senator, deputatlar nega 5 yilga saylanadi-yu, nega maktab direktori umrbod saylanishi kerak? Unga ham muddat belgilanishi kerak, deyilyapti takliflardan birida.

Aytish kerakki, hozirgi kunda maktab direktori saylanmaydi, tayinlanadi. Tayinlanganda ham muddat yo‘q, kattaroq xatoga yo‘l qo‘ysa, ishdan olinishi yoki biror sabab bilan o‘zi ishdan ketishi mumkin.

Davlat test markazi faoliyatini tugatish kerak — bu Alisher Sitanovning taklifi. Uning aytishicha, abituriyentlar test topshirib emas, ochiq suhbatlardan o‘tib, oliy ta’lim muassasalariga kirishi kerak.