Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir beqiyos ustozligicha qolaveradi.

O‘zbekiston va jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rindi. O‘n yillar muqaddam aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ular haqida nima deb yozgan, ushbu voqea-hodisalarga jamoatchilikning munosabati qanday edi — bari “Kun matbuoti tarixi” rukni materiallarida.

Rukn materiallari har kuni tong soat 7:30 da e’lon qilinadi.

90 yil avval. 1932-yil 14-iyun, seshanba

Koson tumanida 595 gektar yer o‘rniga 240 gektar yerni haydab, “ish 100 foizga bajarildi”, deb soxta hisobot bergan ko‘zbo‘yamachilar ikki yilga ozodlikdan mahrum etilgani haqida:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 14-iyun sonidan lavha

“Keyingi kunlarda Buxoro, Narpay va Kattaqo‘rg‘on rayonlaridan pillalarning cho‘kishi to‘g‘risida xabarlar olina boshladi. Hali qurib ulgurmagan pillalar bu yerlarning bozorlarida sotilib, aksari kustarlar (hunarmandlar) tomonidan yig‘ib olina yotir”, — bu “Qizil O‘zbekiston”da berilgan “Bir gramm ham pilla xususiylarga ketmasin” xabaridan iqtibos edi.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 14-iyun sonidan lavha

1932-yilda gazeta tarqatish muammolari haqida: “Tekshirishlar natijasida olingan ma’lumotlarga qaraganda, Toshkentda chiqa turgan o‘lka va jumhuriyat gazetalari shahar o‘quvchilariga bir necha soat kechikib yetkaziladi va ba‘zi vaqtlarda Toshkent jamoatchiligi o‘z gazetalarini ikkinchi kunigina oladilar. Rayon gazetalari o‘z o‘quvchilariga — sovxoz, MTS ishchilariga, kolxozchilarga va yakka xo‘jaliklarga gazeta chiqqanidan keyin o‘rta hisob bilan 5—6 kun o‘tganda topshiriladilar, ba’zi vaqtlarda esa 10 kunlar ham o‘tib ketadi” (shu materialda ta‘kidlanishicha, O‘zbekistonda 1931-yilda 467 nafar pochtalyon bo‘lgan bo‘lsa, 1932-yilda ularning soni atigi 413 nafar bo‘lgan).

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 14-iyun sonidan lavha

Dunyoda nima gap? Masalan, “Yugoslaviyada chirik monarxiya silkina boshladi”. Nega sovet matbuoti Yugoslaviyadagi monarxiyani “chirik” deb ataydi? Chunki bu Yugoslaviyada kommunistlarni yomon ko‘rishadi, mana, xabardan bir iqtibos: “Yaqinda Maribor shahrida bo‘lib o‘tgan fitna katta ogohlantirishdir. Hukumatning e‘tirof qilishicha, Mariborda 10 ofitser kommunistlik targ‘ibotida ayblanib, qamoqqa olingan”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 14-iyun sonidan lavha

Bu sarlavha esa shunchaki ajoyib: “Rahbarlik o‘rniga yalang‘och ma’muriyatchilik”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 14-iyun sonidan lavha

60 yil avval. 1962-yil 14-iyun, payshanba

Qo‘qonda duv-duv gap: shaharda 30 ta choyxona yopilgan, yana 22 tasi berkitilarkan. Nega? “Gap shundaki, Farg‘ona oblast ‘Ferganskaya pravda‘ gazetasining shu yil 23-may sonida ‘Xususiy savdogarlar’ sarlavhali, ‘Kommuna’ gazetasining 27-may sonida ‘Niqob yirtildi’ sarlavhali maqolalar bosilib chiqqan edi. Bu maqolalarda Qo‘qon shahar umumiy ovqatlanish tresti va uning direktori o‘rtoq M.Mo‘minovning kirdikorlari va g‘ayriqonuniy ishlari fosh qilingan edi. Maqola avtorlari, jumladan, shahardagi bir qator choyxonalarning xususiy boyish manbaiga aylantirilgani, ulardan tushayotgan pullar davlat kassasiga daromad qilinmasdan, umumiy ovqatlanish trestidagi ayrim qalloblar bilan xususiy shaxslar o‘rtasida ‘doxili jig‘ildon’ qilinayotgani, qarovsizlik orqasida bu choyxonalarning iflos va yaroqsiz holga kelib qolganligi konkret faktlar bilan ko‘rsatib o‘tgan edilar”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 14-iyun sonidan lavha

“Kolxoz mulkini talaganlar jazolandi” materialidan bir parcha: “Qorako‘l rayoni ‘Moskva’ kolxozi sobiq raisi Ergash Davlatov va uning sheriklari shaxsiy boylik orttirishning yana ham osonroq yo‘llarini axtara boshlaydilar. 8-brigada tekinxo‘rlarning daromad manbaiga aylanib qoladi. Ular 3 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan yosh bolalarni ‘ishladi‘ deb, ular nomiga o‘n minglab mehnat kuni yozib, kolxozning yuz minglab mablag‘ini o‘zlashtiradilar”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 14-iyun sonidan lavha

“Qizil O‘zbekiston” xabar beradi: “O‘zbekiston korxonalarida shu yilning o‘tgan besh oyi va iyun oyining bir haftasida 2592 paxta terish mashinasi, 3068 seyalka, 6224 kultivator, 7196 avtopritsep va boshqa ko‘plab qishloq xo‘jaligi mashinalari tayyorlandi” (taqqoslash uchun, butun 2021-yil davomida O‘zbekistonda 213 dona traktor, 383 dona kultivator va yer yumshatkichlar ishlab chiqarilgan).

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 14-iyun sonidan lavha

O‘zbekistonning go‘sht va sut yetishtirish istiqbollari haqida 1962-yilgi infografika:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 14-iyun sonidan lavha

“Vohalar bunyodga kelmoqda” (Orol dengizini quritish hisobiga):

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 14-iyun sonidan lavha

1960-yillarda nafaqat O‘zbekiston, balki butun O‘rta Osiyo qizlariga ibrat qilib ko‘rsatilgan Tursunoy Oxunova:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 14-iyun sonidan lavha

30 yil avval. 1992-yil 14-iyun, yakshanba

1992-yil 14-iyun kuni O‘zbekistonda markaziy gazetalar chop etilmagan.

Ushbu material huquqlari mualliflarida saqlangan holda e’lon qilish sharti bilan “Daryo” internet-nashriga taqdim etildi