Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir beqiyos ustozligicha qolaveradi.

O‘zbekiston va jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rindi. O‘n yillar muqaddam aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ular haqida nima deb yozgan, ushbu voqea-hodisalarga jamoatchilikning munosabati qanday edi — bari “Kun matbuoti tarixi” rukni materiallarida.

Rukn materiallari (bugungisi biroz kechroq, lekin, umuman olganda) har kuni tong soat 7:30 da e’lon qilinadi.

90 yil avval. 1932-yil 15-iyun, chorshanba

Toshkentda Afg‘onistonning SSSRdagi favqulodda elchisi, Afg‘oniston qiroli Nodirshohning akasi Muhammad Azizxon bo‘lgan. “Vokzalda favqulodda elchini... O‘zbekistondagi... afg‘on konsulxonasining mudiri va Toshkentdagi afg‘on mahallasining vakillari qarshi oldilar”, — deyiladi “Qizil O‘zbekiston” axborotida.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 15-iyun sonidan lavha

“O‘rta Osiyo jumhuriyatlarida mahalliy chigirtkalar bilan kurash ishida ko‘rilgan muvaffaqiyatlar faqatgina aeroplanlar yordami bilan bo‘layotir... (Ayni vaqtda) Afg‘onistondan chigirtkalarning poda-poda bo‘lib uchib o‘tishlari davom etayotir”, — bu “Hasharotlar bilan kurashuv jumhuriyat kontorasi uyquda” xabaridan iqtibos edi.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 15-iyun sonidan lavha

Jahonda nima gap? Germaniya ichki ishlar vaziri Vilgelm fon Gayl Reyxstagda chiqish qilib, “Veymar konstitutsiyasida necha marotaba teshiklar yasalgan edi, konstitutsiya hozir qaytadan qaralishga muhtojdir”, deb bayonot bergan. Ayni vaqtda, fon Gaylning qo‘shimcha qilishicha, “Germaniyada davlat idorasining eng muvaffaqiyatli shakli — monarxiyadir”.”Lekin yashov uchun kurash yo‘lida o‘tib turgan shu kunlarda mamlakatda davlat idorasining jumhuriy yoki monarxiya usulida bo‘lish masalasi hal qilina olmaydi. Vazirning aytishicha, u hozir davlat qurilishi to‘g‘risidagi masalani qo‘yib, Germaniya xalqini tashvishga solishni istamaydi”, — deyiladi “Qizil O‘zbekiston”ning “Monarxiya hammadan yaxshi” xabarida.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 15-iyun sonidan lavha

60 yil avval. 1962-yil 15-iyun, juma

O‘zbekistonlik san’atkorlar Moskvada katta konsertlar bermoqda, bu konsertlarni, xususan, SSSR yetakchisi Nikita Xrushchyov, Mo‘g‘uliston rahbari Yumjagiyn Sedenbal, Senegal bosh vaziri Mamadu Dia ham kuzatmoqda. 13-iyun kuni o‘tgan konsert haqida O‘zTAG (hozirgi O‘zA) muxbiri shunday deb yozadi: “Botir Zokirovning qo‘shiqlarini O‘zbekistonda kim bilmaydi? Ma’lum bo‘lishicha, u Moskvada ham juda mashhur ekan. Biz Bolshoy teatr orkestrining sozandalari repetitsiya vaqtida tinglovchi bo‘lib qolgach (ularning o‘rnini O‘zbekiston estrada orkestri egallaganidan keyin), ajoyib ovozi va dramatik aktyorga xos talanti bo‘lgan bu artist sharafiga qanday qarsak chalganliklarini ko‘rdik. Kechqurun esa tomoshabinlar uni uzoq vaqtgacha sahnadan qo‘yib yubormadilar”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 15-iyun sonidan lavha

“SSSR dunyodagi eng rivojlangan va farovon mamlakat” degan tushuncha asosan propaganda kuchi bilan odamlar ongiga singdirilgan. Mana shunday targ‘ibot va tashviqot ishlari samarali va muvaffaqiyatli olib borilishi uchun gazetalarda “Propagandist va agitatorlarga yordam” rukni ostida katta-katta tahliliy materiallar berilgan. Bu materiallarda nimalar yozilgan? Bu savolga “Qizil O‘zbekiston”da bosilgan “Tarix hukmi” maqolasidan bir kichik parcha keltirish bilan javob beramiz: “Kapitalistik dunyoning asosiy tayanchi, ‘iftixori’ bo‘lmish Amerika Qo‘shma Shtatlari hozirgi vaqtda ekonomikaning o‘sish sur’ati jihatidan jahonda eng oxirgi o‘rinlardan birini egallaydi. Bu Amerika ekonomikasida ketma-ket ro‘y berayotgan krizis natijasidir”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 15-iyun sonidan lavha

Dunyoda nima gap? Masalan, Portugaliyada qamoqxonalar (1962-yilgi o‘zbek gazetasi ularni “tyurmalar” deb yozadi) Salazar diktatorlik rejimiga muxolif kayfiyatdagi odamlar bilan to‘lib ketgan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 15-iyun sonidan lavha

30 yil avval. 1992-yil 15-iyun, dushanba

Yunusobodda metro qurilishi davom etmoqda. “Qurilish materiallarining taqchilligi, ustiga ustak shu xomashyolarning narxi haddan tashqari oshib ketganligi metrosozlarga ham ta’sir qilmay qolmadi. Lekin quruvchilar bor imkoniyatlarni ishga solib, metroning uchinchi yo‘lini o‘z vaqtida topshirishga harakat qilishmoqda”, — deyiladi “Toshkent oqshomi”ning “Yer osti qasri qurilishida” xabarida. Xabarga ilova qilingan suratlarda Yunusobod yo‘nalishidagi “Lohutiy” bekati qurilishidan lavhalar berilgan. Xabarda bekatlarni foydalanishga topshirishning “o‘z vaqti” qachonligi aytilmagan, ammo, masalan, mana shu loyihaviy nomi “Lohutiy” bo‘lgan stansiya oradan salkam 10 yil o‘tib, 2001-yil oktabrida “Ming o‘rik” nomi ostida ishga tushgan.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 15-iyun sonidan lavha

Toshkent shahar hokimi huzuridagi Maslahat kengashi uy-joylarni xususiylashtirishga taraddud ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqqan. Majlisda, jumladan, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkat Mirziyoyev ham hisobot bergan. Bu haqda “Toshkent oqshomi” shunday deb yozadi: “Maslahat kengashining a’zolari... Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning... O‘zbekiston Prezidentining Ulug‘ Vatan urushi nogironlari, qatnashchilariga qo‘shimcha imtiyozlar berish to‘g‘risidagi Farmonining qanday bajarilayotganligi to‘g‘risidagi hisobotini ham tingladilar. Ana shu rayonlarda, shuningdek, shahar uy-joy boshqarmasida mazkur Farmonda ko‘zda tutilgan imtiyozlar berilayotganligi ta’kidlab o‘tildi. Jumladan, Mirzo Ulug‘bek rayonida deyarli hamma nogironlar va urush qatnashchilari, baynalmilalchi jangchilar, halok bo‘lganlarning oilalari uy-joylar bilan ta’minlangan. Ularning xonadonlarini telefonlashtirish, avtomashinalar ajratish masalalari hal etilmoqda, kommunal xizmatlar haqini to‘lashda imtiyozlar berilmoqda. Ana shunday imtiyozga ega bo‘lganlarga ularning xohishiga ko‘ra haq olmasdan xonadonlar xususiy qilib berilmoqda”.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 15-iyun sonidan lavha

Qoraqalpog‘istonda rahbariyat o‘zgargan:

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 15-iyun sonidan lavha

Toshkent shahar IIB boshqarma boshlig‘i, militsiya podpolkovnigi Sharifxon Umarxonovning “Eshiklarimiz qulfsiz bo‘lsin” maqolasidan iqtibos: “O‘tmishda bizda nomahram ayolga tikilish gunohi azim hisoblangan. Bugun-chi? Aksincha, gunohni unutdik. Xalqimiz uchun yot bo‘lgan illat — fohishabozlik yurtimizga kirib keldi. Madrasa-yu masjidlar qayta ta’mirlanayotgan qutlug‘ kunlarda ko‘hna Shoshimizda bu illatning chuqur ildiz otib, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir etishiga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur. Shu maqsadda ichki ishlar idoralarida yangi bo‘linma — ‘Yoshlar odob-axloqi doirasida ishlovchi bo‘linma’ tashkil etildi. Mazkur bo‘linma sauna, videosalon va mehmonxonalar ishini nazorat qilib boradi”.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 15-iyun sonidan lavha

Ushbu material huquqlari mualliflarida saqlangan holda e’lon qilish sharti bilan “Daryo” internet-nashriga taqdim etildi.