AQSH hukumati Ukrainada Rossiyaga qarshi jang qilgan Amerika fuqarolari Aleksandr Dryuk va Endi Xyuyn g‘oyib bo‘lganini tasdiqladi va yana bir AQSH fuqarosi yo‘qolganini ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.

Foto: “Currenttime.tv”

Ukrainada yana bir amerikalik g‘oyib bo‘lganini Davlat departamenti vakili Ned Prays ma’lum qildi. Uning ism-sharifi oshkor etilgani yo‘q.

Praysning so‘zlariga ko‘ra, AQSH yo‘qolgan fuqarolar yuzasidan hozircha Rossiya bilan bog‘langani yo‘q, chunki Amerika hukumatida Dryuk va Xyuynni Rossiya asirga olgani haqida ishonchli asoslar yo‘q.

Avvalroq ularning asirga tushgani ehtimoli haqida The Daily Telegraph gazetasi ma’lum qilgandi. Nashr manbalariga ko‘ra, ular iyun boshida Xarkovdan shimoli-sharqdagi janglar chog‘ida ustun raqib kuchlari bilan to‘qnashgan guruh tarkibida bo‘lgan.

9-iyun kuni “Donetsk xalq respublikasi” Oliy sudi Ukraina tomonida turib jang qilgan britaniyaliklar Shon Pinner va Eyden Eslinni hamda marokashlik Bragim Saadunni o‘lim jazosiga hukm qilgandi.

Ular ustidan sud jarayoni 7-iyun kuni boshlangan, ular DXR Jinoyat kodeksining 34-moddasi (“Bir guruh shaxslar tomonidan jinoyat sodir etish”), 323-moddasi (“Hokimiyatni majburan tortib olish yoki hokimiyatni majburan ushlab turish”) va 430-moddasi (“Yollanish”)  bilan ayblanmoqda. Mahbuslar o‘z ayblariga qisman iqror bo‘lgan.

AQSH Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken ularga o‘lim jazosi tayinlanganidan xavotir bildirdi. Britaniya rasmiylari ham ushbu hukmni qoraladi. Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass DXR sudining qarorini to‘qima va hech qanday qonunga asoslanmagan deb atadi.