Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov kunlar tobora isib borayotgani sabab mashinalar oynasini qoraytirishni bepul qilib qo‘yish taklifi bilan chiqdi. Bu haqda u o‘zining Telegram’dagi kanaliga yozib qoldirgan.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda yoz juda issiq, gohida haddan ziyod yoqimsiz issiq bo‘lyapti. Bulutli issiq kunlarda esa bosh og‘rig‘iga chidab bo‘lmaydi. Qurg‘oqchilik kuchayib, bundan buyog‘iga yanada issiq bo‘lsa kerak. Shu paytda agar mashina “tonirovka”si bepul qilinsa, bundan hamma haydovchilar, yo‘lovchilar minnatdor bo‘lar edi. Bu ham aslida inson qadrining bir ko‘rinishi, odamlarga bo‘lgan g‘amxo‘rlik namunasiga aylanar edi de-e-e-b o‘yla-a-ab o‘tirgandim tirband yo‘lda, orqamdam bir mashina signal chalib cho‘chitib yubordi.

Komil Allamjonov, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi

Avvalroq “Mahalla” telekanalining “Minbar” ko‘rsatuvida Orifjon Nazarov ismli avtomaktab o‘qituvchisi “tonirovka”ning bolalar ruhiyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligi haqida gapirgandi. Advokat va avtobloger Kamoliddin Bahavadinov esa O‘zbekistonda “tonirovka” uchun belgilangan narxlar juda balandligini tanqid qilgan edi. “‘Tonirovka’ narxi haqida gapiradigan bo‘lsak, narx avval judayam baland edi. Obrazli qilib aytadigan bo‘lsak, keyinchalik rahm qilishib, orqa oynalarni qoraytirish narxlarini pasaytirishdi. Oldi aylanma tonirovka narxi esa, bugungi kunda ham juda baland naxrda, shaxsan men uchun kosmik narxda. Bugungi kundagi o‘rtacha oylik ish haqini hisobga olganda ham juda qimmat. Haydovchi yozda biroz o‘zini qulay his qilishi uchun olti oylik maoshini yemay-ichmay ‘tonirovka’ ruxsatnomasi uchun to‘lashi shaxsan men uchun mantiqsizlik. Inson huquqlarini ochiqdan ochiq poymol qilish”, — deygandi u.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2021-yil 1-sentabrdan haydovchilardan transport boshqarish uchun ishonchnoma va “tonirovka” ruxsatnomasini talab etish tartibi bekor qilingan.