Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida quturgan va qarovsiz itlar yosh bolakayga hujum qilib, uni g‘ajib tashladi degan xabar tarqaldi. “Daryo” holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston SSV bilan bog‘landi.

Foto: “Daryo” / Shuhrat Saidahmadov

Ma’lum bo‘lishicha, Nukusda qarovsiz itlar yosh bolakayga hujum qilgan. Ammo ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoda aks etgan holat Qoraqalpog‘istonda emas, boshqa hududda yuz bergan.

Jurnalist Shuhrat Saidahmadov holatga oydinlik kiritish uchun yosh bolakayning otasi va shifokorlar bilan suhbatlashdi.

Foto: “Daryo” / Shuhrat Saidahmadov

It tishlagan bolakayning otasi Paraxat Do‘spanovning aytishicha, voqea 2022-yilning 1-iyun kuni Nukus shahrining 22-kichik tumanida yuz bergan.

Paraxat Do‘spanovning aytishicha, stayper zotli qarovsiz it ko‘p qavatli uyning podyezdi oldida uning o‘g‘liga hujum qilgan. Bolakay shu zahoti Respublika ixtsoslashtirilgan tez tibbiy yordam markaziga olib borilgan. Otaning qo‘shimcha qilishicha, ijtimoiy tarmoqda aks etgan holat uning bolasi bilan yuz bermagan.

Foto: “Daryo” / Shuhrat Saidahmadov

Bolaning ahvoli haqida Respublika ixtisoslashtirilgan tez tibbiy yordam markazi shifokori Sadiq Allaniyazov ham ma’lumot berdi. Uning aytishicha, bola 1-iyun kuni tez tibbiy yordam markaziga juda og‘ir ahvolda olib kelingan. Bolakayning yuz va bosh qismi it tomonidan g‘ajib tashlangan. Buning oqibatida ko‘p qon yo‘qotilgan. Bolakay operatsiya stoliga yotqizilib, qon ketishi to‘xtatilgan. 7-iyun kuni bolaning holati yaxshilangan. Quturishga qarshi barcha dori vositalari berilgan. 13-iyun kuni esa uyiga ruxsat berilgan.

Foto: “Daryo” / Shuhrat Saidahmadov

It tishlagan bolakayning otasi Paraxat Do‘spanov qo‘shimcha qilishicha, u farzandining yuz, ko‘z va bosh qismini o‘z holatiga keltirish uchun Toshkentda plastik operatsiya qildirishni niyat qilgan.