So‘nggi oylarning eng aktual mavzularidan biri — O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarning borishi. O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” partiyalarining boshlang‘ich harakatlari, Konstitutsiyaviy komissiya tuzilishi, o‘tkazilayotgan yig‘ilishlardagi muhokamalar nafaqat ommaviy axborot vositalari, balki jamoatchilikning ham e’tiborini o‘ziga tortdi.

Fuqarolar o‘zlariga qulay bo‘lgan platformalar orqali mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar bildirmoqda. “Daryo” e’tiborga molik takliflarni bir joyga to‘pladi.

Konstitutsiyadan Qoraqalpog‘iston Respublikasini O‘zbekiston tarkibidan chiqib ketishi mumkinligi to‘g‘risidagi tartibni chiqarib tashlash va uni O‘zbekistonning ajralmas qismi ekanligini mustahkamlab qo‘yish lozim. Bu fuqaro Umidjon Abdullayev tomonidan konstitutsiyani o‘zgartirishga oid taklif.

Harbiy va organ sohasiga ishga kiradigan fuqarolarning yosh chegarasini cho‘zish lozim. Bu ham konstitutsiyani o‘zgartirish yuzasidan berilgan taklif.

Marat Yuldashevning bildirishicha, yosh chegarasini 30 dan 35 yoshgacha cho‘zish kerak. E’tiborli tomoni — fuqaro 35 yoshda ilmiy va jismoniy talablarga javob bersagina, ishga joylashishi kerak.

Prezident Shavkat Mirziyoyevni qo‘llab-quvvatlash va umrbod prezidentlik lavozimida qolish bo‘yicha tilaklar ham konstitutsiyani o‘zgartirishga oid takliflar ichida mavjud. Bu tilaklar muallifi Mirjalol Rahmonqulov.

Uning yozishicha, davlat xizmatiga ishga kirmaganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, ishdagi asosiy mezon ochiqlik va shaffoflikdir.

“Tonirovka” masalasida ham takliflar bor. Islomjon Isomiddinov ana shunday taklif beruvchilardan biri. Fuqaro o‘z taklifida “tonirovka” uchun to‘lov kamaytirilishini, iloji bo‘lsa, bepul qilib qo‘yilishini so‘ragan.

Ma’lumot uchun, Konstitutsiyaviy komissiyaning 17-iyun kungi yig‘ilishida komissiya raisi, Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov fuqarolardan “tonirovka”ni bepul qilish bo‘yicha takliflar kelayotganini aytgandi. Uning aytishicha, bu asosiy qonunga kiritadigan darajadagi masala emas.

“Fuqaro” atamasini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar kelishi davom etmoqda. Ushbu atama o‘rniga taklif qilinayotgan muqobil atamalar ham bor – “bek(a)”, “azamat”, “yurtdosh”.

Atamani o‘zgartirish uchun sabablar o‘sha-o‘sha — bu atama “faqir”, kambag‘al”, “bechora”, “miskin” kabi ma’nolarni anglatar ekan.

Fuqaro Anvar Artikxodjayev prezidentlik muddatini 2 marotaba, 5 yildan oshirmaslik kerakligini taklif qilmoqda. “Sababi — o‘zgarib turuvchi hokimiyat dunyo tajribasida taraqqiyotga yetaklagan. Turli xil yo‘llar bilan muddatni uzaytirish qat’iyan man etilsin”, — deb yozgan u.

Qamoqdagilar ham oliy ta’lim muassasalarida o‘qishi mumkinmi? Bu borada ham konstitutsiyaga qo‘shimcha modda kiritilishi yuzasidan takliflar berilmoqda.

Ikromjon Xabibjonov bergan taklifga ko‘ra, uzoq muddatli qamoq jazosini o‘tayotganlarga OTMlarda onlayn tarzda o‘qish imkoniyati berilishi kerak.

Davlat xavfsizlik xizmatini Senatga bo‘ysundirish kerak. Bu fuqaro Uchqun Aliyev tomonidan berilgan taklif. Unga ko‘ra, konstitutsiyaning 93-moddasi 1-qismi 24-bandiga o‘zgartirish kiritish lozim.

Budjet tashkilotlarida ish vaqtini qat’iy qilish, unga amal qilmagan tashkilotlarga chora ko‘rilishi ham konstitutsiyada belgilab qo‘yilishi lozim.

Fuqaro Qudrat Bekmetov amaldagi konstitutsiyaning 45-moddasiga o‘zgartirish kiritish yuzasidan taklif bergan. Ta’kidlanishicha, moddadagi “mehnatga layoqatsizlar” jumlasi “nogironligi bo‘lgan shaxslar” jumlasiga o‘zgartirilishi kerak.

O‘zbekistonda ham islomiy partiya bo‘lishi kerak. Bu fuqaro Avazxon Maxmudjanov tomonidan berilgan taklif. Unga ko‘ra, islomiy partiya tuzishga erkinlik berish kerak.

Mahalliy hokimlik apparati xodimlarining maoshlarini oshirish kerak. Ushbu taklif ham konstitutsiyani o‘zgartirish yuzasidan berilgan.

Ta’kidlanishicha, o‘rtacha oylik maosh 2 million so‘mni tashkil qiladi. Ammo O‘zbekistonning asosiy qonunida oylik maosh haqidagi taklif qanchalik aks etadi, qiziqarli.

Prezidentlik muddatini uzaytirish bo‘yicha takliflar bisyor. Xususan, fuqaro Shuxrat Bozorov ushbu muddatni 7 yoki 10 yilga uzaytirishni taklif qilyapti.

Davlat organlarida qarindoshchilikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha fuqaro G‘anisher Qo‘ldashevdan kelgan ikki taklif ham e’tiborga molik.

Odiljon Akbarov hokimlarning deputat va senator bo‘lishiga taqiq qo‘yilishining tarafdori. “Hozirgi holatda qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organ bir-biri bilan chatishib ketgan”, — deyiladi berilgan taklifda.

O‘zbekiston nomini o‘zgartirish bo‘yicha ham takliflar bor. Anonim tarzda berilgan taklifga ko‘ra, mamlakat nomini “Buyuk Turon” nomiga o‘zgartirish zarur.

Avvalroq fuqarolardan biri millat va mamlakat nomini o‘zgartirishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston nomini Turkistonga, o‘zbek nomini turkka o‘zgartirish zarur.