Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida joylashgan To‘palang suv ombori to‘g‘oni yorilib ketgani va natijada atrofni suv bosgani haqida xabarlar tarqalgandi. Viloyat hokimi To‘ra Bobolov suv omboridagi holat yuzasidan aholiga murojaat bilan chiqdi.
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Sariosiyo tumanidagi To‘palang suv omborida bo‘lib, haqiqiy holatga izoh berib, vahimaga o‘rin yo‘qligini ta’kidlagan.
“Bugun ertalab soat 08:14 da Sariosiyo tumani To‘palang suv omborining ‘To‘palang’ GES qismida suv toshqini holati yuz bergan. Suv ombori to‘g‘oniga hech qanday talafot, shikast yetmagan. Hozirda suv sizib chiqishi to‘xtatilgan. ‘To‘palang’ GESning ichki qismida yuzaga kelgan kichik nosozlik bugunning o‘zida bartaraf etiladi. ‘Zarchob-1’ va ‘Zarchob-2’ GES esa maromda ishlab turibdi.
Hududda tegishli komissiya ish olib bormoqda. Fuqarolarimizdan tushkunlikka tushmaslikni, sarosimaga berilmaslikni so‘raymiz. Hech qanday vahimaga o‘rin yo‘q”, — deydi viloyat hokimi.