Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida joylashgan To‘palang suv ombori to‘g‘oni yorilib ketgani va natijada atrofni suv bosgani haqidagi xabarlar tarqaldi. “Daryo” “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati bilan bog‘lanib, holat yuzasidan izoh oldi.

Aytilishicha, to‘g‘onning yorilib ketgani haqidagi xabarlar mutlaqo noto‘g‘ri.

“Hozirda u yerda joylashgan GESda modernizatsiya ishlari olib borilmoqda. Shu bois u yerda sinov tariqasida suv chiqarilib, GESning faoliyati tekshirib ko‘rilmoqda”, — deydi mas’ul xodim.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi To‘palang suv omboridagi holat bo‘yicha birlamchi ma’lumot berdi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda To‘palang suv omborida suv chiqayotganligi to‘g‘risida ma’lumotlar tarqaldi. Ushbu holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz. Bugun, 22-iyun kuni soat 08:14 larda To‘palang suv omboridan chiqayotgan suv keskin ko‘tarilgan, To‘palang GES suv ombori loyihasi quvvati 400 mln.m/kub, amalda 378,87 mln.m/kubni tashkil etmoqda. Suv tashlamasi rejaviy 70 m.kub/sek. 2022-yil 22-iyun kuni hozirgi vaqtda 110 m.kub/sek.ni tashkil etmoqda” — deyiladi vazirlik axborotida.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, suv omborining mustahkamligiga ziyon yetmagan, ayni vaqtda chiqarilayotgan suv hajmini kamaytirish ishlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, To‘palang suv ombori 1982-yilda qurila boshlangan bo‘lib, loyiha quvvati 500 million kub metr. Suv ombori to‘g‘onining balandligi 165 metr, yana 22 metr yer ostiga poydevor qilingan, umumiy 187 metrni tashkil qiladi.

Avvalroq Namangandagi suv ombori to‘g‘oni ostidan suv sizib chiqqani aniqlandi.