Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida joylashgan To‘palang suv ombori to‘g‘oni yorilib ketgani va natijada atrofni suv bosgani haqidagi xabarlar tarqalgandi. “O‘zbekgidroenergo” AJ mazkur holatga rasmiy munosabat bildirdi.

Kadr: “O‘zbekgidroenergo”

Ma’lum qilinishicha, To‘palang suv omborida 378 million metr kub suv hajmi mavjud bo‘lib, suv omborining suv chiqarish inshooti orqali daryoga 120 metr kub/soniya miqdorida suv chiqarilayotgan edi.

Modernizatsiya loyihasi doirasida sinov ishlari olib borilayotgan bosimli suv quvuri to‘sini shikastlanib, qo‘shimcha 40 metr kub/soniya atrofida suv miqdori GES binosi orqali chiqqan. Natijada umumiy suv sarfi 160 metr kub/soniyaga ko‘tarilgan hamda To‘palang daryosiga yo‘naltirilgan.

“E’tiborga molik jihati, ushbu holatda To‘palang suv ombori to‘g‘oni bilan bog‘liq biror-bir muammo kuzatilmagan”, — deyiladi munosabatda.

Ta’kidlanishicha, 160 metr kub/soniya suv sarfi miqdori To‘palang daryosi o‘zani uchun mutlaqo xavfsiz hisoblanib (daryoning suv o‘tkazish qobiliyati 600 metr kub/soniya), pastki qismda yashovchi aholi xonadonlari va korxonalar uchun hech qanday salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.

Ushbu voqea natijasida shikastlanganlar va jabr ko‘rganlar mavjud emas. Vaziyat to‘liq nazorat ostida.

“Yurtdoshlarimizdan, ayniqsa, Sariosiyo tumani aholisidan mutaxassislar tomonidan bildirilgan asosli fikr-mulohazalarga to‘liq ishonch bildirishni hamda ortiqcha vahimaga berilmaslikni so‘raymiz”, — deya qayd etiladi xabarda.

Avvalroq Favqulodda vaziyatlar vazirligi suv omborining mustahkamligiga ziyon yetmagani, ayni vaqtda chiqarilayotgan suv hajmini kamaytirish ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgandi.

Ma’lumot uchun, To‘palang suv ombori 1982-yilda qurila boshlangan bo‘lib, loyiha quvvati 500 million kub metr. Suv ombori to‘g‘onining balandligi 165 metr, yana 22 metr yer ostiga poydevor qilingan, umumiy 187 metrni tashkil qiladi.

Bundan oldin Namangandagi suv ombori to‘g‘oni ostidan suv sizib chiqqani aniqlangandi.