Bundan 36 yil avval, 1986-yilning xuddi shu kuni (22-iyun) Diyego Maradona futbol tarixidagi eng mashhur firibgarlikni amalga oshiradi va ikki hakamning faoliyatini tugatishiga sababchi bo‘ladi. Tarixdan “Xudoning qo‘llari” nomi bilan o‘rin olgan voqea shu kungacha ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lib keladi. Quyida ushbu voqea va uning tafsilotlari haqida batafsil hikoya qilinadi.

Foto: Getty Images

1986-yilgi Jahon Chempionatining chorak finalida Argentina va Angliya terma jamoalari o‘zaro to‘qnash keladi. Keyinchalik bu qarama-qarshilik boshqa futbol epizodlari bilan to‘ldiriladi (Maykl Ouenning goli, Diyego Simeonening provokatsiyasi va Devid Bekhemning chetlatilishi), ammo bu o‘yin birinchi navbatda siyosiy motivlar ostida kechadi. Boisi o‘yin Folklend orollari ustidagi o‘tkir qurolli to‘qnashuvdan atigi to‘rt yil o‘tib bo‘lib o‘tgandi.

Keyinroq argentinaliklar britaniyaliklar ustidan qozonilgan g‘alaba hatto finaldan ham ko‘ra ko‘proq hissiyotlar olib kelganini tan olgandi. Bu qisqa muddat davom etgan urushdagi mag‘lubiyat uchun qasosning bir qismi edi. Urush davomida Argentina tomoni 649 kishini va arxipelag ustidan to‘liq nazoratni yo‘qotadi.

Maradonaning dubli Angliya termasining mag‘lubiyatiga olib keladi. To‘rt daqiqa ichida Diyego Jahon Chempionatlari tarixidagi eng yirik hiylani va, ehtimol, XX asrning eng yaxshi individual golini kiritadi.

Uchrashuvning birinchi bo‘limida aytarli e’tiborga molik voqea bo‘lmaydi. Zerikarli va sekin temp. Bunga qaysidir ma’noda kuchli jazirama ham “sabab” bo‘ladi. 51-daqiqada esa Maradona maydon markazidan harakatlana boshlaydi va to‘pni qanotga oshiradi, javob uzatmasiga umid qilib, uzoqroqqa yuguradi. Ingliz futbolchilari to‘pni qaytarishga urinadi, biroq o‘z jarima maydonchasiga yo‘naltirib yuboradi.

Bir lahzadan keyin Maradona stadiondagi barcha 114 ming kishi va maydondagi 22 futbolchi ko‘rgan ishni amalga oshiradi, ammo bu narsani tunislik bosh hakam Ali bin-Nasser va bolgariyalik laynsmen Bogdan Dochev payqamay qoladi.

Mazkur xato bin-Nasser va Dochevning faoliyatiga nuqta qo‘yadi — bolgariyalik hakamlik qilishni to‘xtatadi, tunislik arbitr esa FIFA shafeligidagi barcha xalqaro turnirlardan chetlashtiriladi.

“Maradona hayotimni barbod qilgan. U ajoyib futbolchi, lekin yomon odam. Uning bo‘yi ham past, o‘zi ham past” — degandi Dochev 2017-yilda, o‘limidan biroz oldin.

Foto: Getty Images

Bin-Nasser va Dochev aybni bir-birlariga yuklaydi. Bolgariyalik qanot hakami shu zahotiyoq g‘alati bir narsani his qilganini, ammo vaziyatga aralasha olmaganini aytadi: “O‘sha paytlarda FIFA yordamchilarga bosh hakamlar qarorlarini muhokama qilishga ruxsat bermasdi. Agar FIFA shunday muhim o‘yinga yevropalik hakam tayinlaganida, Maradonaning goli bekor qilingan bo‘lardi”.

Bin-Nasser esa Dochevning joylashuvi yaxshiroq ekanini aytadi va hatto to‘p darvozaga uchayotganida ham unga qarab turganini ma’lum qilgandi. “Ishorasini kutdim, lekin u qo‘l to‘pga tegganini ko‘rsatmadi. FIFAning o‘yin oldidan bergan ko‘rsatmalari aniq edi: agar hamkasbim yaxshiroq holatda bo‘lsa, uning fikrini hurmat qilishim va tinglashim kerak”.

Maradona jamoadoshlarining golga ishonmaganidan ularni nishonlashga chorlaydi: “Ular hayratda edi. Ularga meni quchoqlashlarini aytdim — aks holda hakam golni hisoblamasdi. Kimdir inglizlarni talon-taroj qilayotganimizni aytdi. Unga bir gap bilan javob berdim: “o‘g‘rini o‘margan afv etilishga loyiq”.

O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Maradona buni hazil bilan izohladi va aynan o‘shanda “Xudoning qo‘li” ta’rifi paydo bo‘lgandi. Xalq orasida tarqalgan afsonalardan farqli o‘laroq, Diyego “bu Xudoning qo‘li edi” demagan. Uning og‘zidan shunday gap chiqqan: “Gol qisman Xudoning qo‘li va qisman Maradonaning boshi bilan urildi”.

Buyuk argentinalik buni faqat bir necha yil o‘tgachgina tan oldi. Ammo u bundan pushaymon ekanligi va kechirim so‘rashni rejalashtirmagani aniq. Qolaversa, u avval boshidan bo‘y borasida yuqori imkoniyatlarga ega bo‘lmagan o‘ziga qo‘li bilan yordam berishga qaror qilganini aytadi, 19 santimetrga pastroq bo‘y bilan havodagi kurashda g‘olib chiqishga hech qanday imkoniyat yo‘q.

Ko‘p yillar o‘tib, 2015-yilda Maradona bir qator reklama roliklarini yozish uchun Tunisga tashrif buyuradi. Fursatdan foydalanib, Diyego Ali bin-Nasserni ziyorat qiladi. Maradona unga Argentina terma jamoasining “Mening abadiy do‘stimga” yozuvi tushirilgan futbolkasini sovg‘a qiladi.

“Xudo qo‘li”ning asosiy tomoshabini Piter Shilton (Maradona bilan ikkinchi qavatda kurashgan darvozabon) hozir ham Diyegoni o‘sha gol uchun kechira olmaydi. “Hayotim uzoq vaqtdan beri Diyego Maradonaning hayoti bilan bog‘liq. Garchi bu men xohlagan tarzda bo‘lmasa ham. Ammo uning yosh olamdan o‘tgani meni qayg‘uga qo‘ydi. U, shubhasiz, men duch kelgan eng yaxshi futbolchi edi.

Yolg‘on gapirmayman, o‘sha gol haqidagi fikrlar meni yillar davomida bezovta qilib keladi. Golni nishonlash uchun yugurar ekan u hatto hakamning hushtagini kutayotgandek ikki marta ortiga qarab qo‘ydi. Maradona nima qilib qo‘yganini bilardi. Buni hakam va ikki laynsmendan tashqari hamma bilardi. Bu qip-qizil yolg‘on edi. U nafaqat meni, balki butun jamoani aldadi. Yarim final, balki finalga chiqishimiz ham mumkin edi. Bu har doim ham bo‘lavermaydi. Menga omad kulib boqdi — to‘rt yildan keyin yana imkoniyat tug‘ildi. Ammo ko‘pchilikda bunday omad bo‘lmadi.

Bizni ko‘p marta bir jamoada o‘ynatmoqchi bo‘lishdi, lekin u kechirim so‘ramaguncha Maradona bilan uchrashishni xohlamadim. U o‘zini hech narsa bo‘lmagandek ko‘rsatar va “Xudoning qo‘li” haqidagi gapga yopishib olgandi. Bu noto‘g‘ri. Uning buyukligi bor gap, lekin unda sportcha ruh bo‘lmagan. Umid qilamanki, bu gol Maradonaning merosiga dog‘ tushirmaydi. U haqiqatan ham ajoyib futbolchi — Pele darajasidagi. Diyego o‘ziga xos iste’dod egasi edi va uning 60 yoshida olamdan o‘tganiga ishonish qiyin”.

Maradonaning o‘sha o‘yindagi ikkinchi goli ayyorlik emas, balki g‘ayriinsoniy iste’dod natijasidir. Yuqori tezlikdagi dribling, tezlik bilan yo‘nalishni o‘zgartirish va bu yo‘lda naq besh nafar raqibni aldab o‘tish. Goldan keyin hatto raqib futbolchilari ham Maradona olqishlashga tayyor edi.

“U oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan ikkinchi golini urdi. Ammo biz hamon bir necha daqiqa oldin sodir bo‘lgan voqeadan o‘zimizga kela olmagandik. O‘yin davomida birinchi marta unga dribling orqali bizni aldashiga imkon berdik va u gol urdi. Golga gap yo‘q, shunchaki ajoyib. Lekin agar birinchisi gol bo‘lmaganida, u ikkinchisini ura olishiga ishonish qiyin edi”, — deb eslaydi Shilton.

1986-yilning 22-iyunida Diyego Armando Maradona qilishi kerak bo‘lgan hamma ishni qildi. Bu gol tom ma’noda brendga aylandi – agar Diyegoda bu ishni takrorlash imkoniyati bo‘lsa, u barchasini yana xuddi shunday qilishiga shubha yo‘q.

2020-yilning oktyabrida, o‘limidan bir oy oldin Diyego o‘sha voqeaga oxirgi marta izoh berar ekan shunday degandi: “Yana Angliya terma jamoasiga gol urishni orzu qilaman. Faqat bu safar o‘ng qo‘lim bilan”.