Amerikalik mediamagnat Rupert Merdok rafiqasi, aktrisa va model Jerri Xoll bilan ajrashmoqda, deb yozadi The New York Times juftlikning qaroridan xabardor ikki manbaga tayanib. Tadbirkorning matbuot kotibi izoh berishdan bosh tortgan. Xollning vakillari bilan esa bog‘lanish imkoni bo‘lmagan.

Rupert Merdok va Jerri Xoll

Foto: Reuters

Merdok va Xoll 2016-yilda turmush qurgan edi, marosim Londonda bo‘lib o‘tgan. Bu biznesmenning to‘rtinchi nikohi edi. To‘ydan so‘ng u Twitter’dagi sahifasida post yozishni to‘xtatishini ma’lum qildi va o‘zini “dunyodagi eng omadli va baxtli odam” deb atadi. Mediamagnatning oilasiga yaqin manbalar u xotiniga ko‘proq vaqt ajratishga qaror qilganini aytdi.

NYT’ning yozishicha, ajrashuv Merdok oilasiga tegishli kompaniyalarning mulkchilik tuzilmasini o‘zgartirishi “ehtimoli yo‘q”. Ulardagi aksiyalar ishonchli boshqaruvda, deb yozadi gazeta.

Rupert Merdok — amerikalik biznesmen, dunyodagi eng yirik HarperCollins nashriyot uylaridan birini, Fox News telekanali, The Wall Street Journal, New York Post, The Sun, The Times gazetalari hamda AQSH, Buyuk Britaniya va Avstraliyadagi boshqa ingliz nashrlarini boshqaradigan bir qancha mediaxoldinglar asoschisi va egasi. Forbes Merdokning boyligini 17,7 milliard dollarga baholagan.

Merdok 91 yoshda va to‘rt marta turmush qurgan. Biznesmenning birinchi rafiqasi melburnlik sobiq styuardessa Patrisiya Buker edi. Ular deyarli o‘n yil yashadi. Merdokning ikkinchi xotini The Daily Telegraph jurnalisti Anna Mann bo‘lgan, ular 30 yillik turmushidan keyin ajrashdi.

Uchinchi marta mediamagnat ikkinchi xotini bilan ajrashganidan 17 kun o‘tib oila qurdi — 30 yoshli Yel universiteti bitiruvchisi Vendi Deng uning rafiqasiga aylandi. Nikoh 13 yil davom etdi.