Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida 23-iyun kuni “Jiguli”da portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar qildi.

Foto: Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi

Qayd etilishicha, shu kuni soat 15:00 larda Sharof Rashidov tumani “Sovungarlik” mahallasi hududida joylashgan avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyasida “VAZ-2106” avtomobilga yonilg‘i to‘ldirish jarayonida portlash sodir bo‘lgan.

Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan, boshqa transport vositalariga zarar yetmagan. Portlashda yong‘in kelib chiqmagan, yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari hodisa joyiga chaqirilmagan.

Dastlabki surishtiruv natijalariga ko‘ra, “VAZ-2106” transport vositasidagi nosozlik hodisaga sabab bo‘lgan.

Hozirda surishtiruv ishlari davom etmoqda.