Jaziramadan qutulishning eng tezkor usuli – konditsioner, lekin har doim ham u yonimizda bo‘lavermaydi. Bunday holatlarda qanday yo‘l tutish kerak?

Foto: Adobe Stock

Yalpizli ichimlik va losyon

Tashqaridagi harorat yuqori darajaga yetganda, har qanday vosita najot bo‘lishi mumkin. Yalpiz o‘zining sovitish xususiyatlari bilan mashhur. Tetiklantiruvchi ichimlikni tayyorlash uchun o‘simlikning bir nechta bargi, bir hovuch malina yoki qulupnay kerak bo‘ladi. Hammasini xona haroratidagi suvga soling va muzlatkichda bir kechaga qoldiring. Ertalab salqin ichimlik tayyor bo‘ladi.

Yuzga losyon tayyorlash uchun yalpizdan qaynatma tayyorlang. Barglarni qaynoq suvga solib, qaynatib oling va 10 daqiqa davomida dam bering. Sovigan losyon bilan yuz va tanani arting.

Foto: Adobe Stock

Gazsiz suv

Har qanday gazli ichimliklar tanani suvsizlantiradi, ayniqsa, tarkibida shakar mavjud bo‘lsa. Doimiy ravishda gazsiz suv ichishga harakat qiling — soatiga kamida 1,5 stakan. Agar unga limon bo‘laklari yoki yalpiz barglarini qo‘shsangiz, u yanada tetiklashtiruvchi bo‘ladi.

Efir moylari

Aromaterapiya shifokorlarining fikriga ko‘ra, sayrga chiqqanda ro‘molchaga ikki-uch tomchi lavanda, yalpiz, limon o‘ti moyini tomizish yaxshi natija beradi. Yana bir usul: qo‘lingizning kaftiga moy tomizib, barmoqlaringizga surting, yuzingizga olib keling va chuqur nafas oling. Yalpiz moyini bir zumda tetiklashtirish uchun tilga tomizish ham mumkin.

Iliq ichimliklar

Jazirama kunda muzdek ichimliklarni xohlaymiz, bu tezroq sovishimizga yordam beradi, deb o‘ylaymiz. Ammo unday emas: aslida tana sovuq suyuqlikni isitish uchun ko‘proq energiya sarflaydi, shuning uchun tana harorati yana ko‘tariladi. Agar tetiklashib, chanqog‘ingizni bosmoqchi bo‘lsangiz, 36-40 daraja haroratdagi ichimliklar iching. Spirtli va kofeinli ichimliklardan saqlaning.

Foto: Adobe Stock

Sovuq sprey

Sprey idishini oling, uni sovuq suv bilan to‘ldiring va vaqti-vaqti bilan tanangizga purkang. Namlantiradigan ventilyator ham ajoyib variant: bunday qurilmalar ko‘chma bo‘lib, uni o‘zingiz bilan olib yurishingiz mumkin. Namlangan tanaga havo tekkanda teri yuzasidagi namlik bug‘lanadi, bu bir zumda sovishga yordam beradi.

Ho‘l sochiq yoki muz

Agar sportchilar tezda sovimoqchi bo‘lsa, bo‘yinlariga ho‘l sochiq tashlashadi. Sochiqni sovuq suvda namlang va bo‘yinning puls uradigan joylarini arting. Sochiqqa o‘ralgan muz bo‘laklari ham yaxshi variant. Tana bir necha daqiqadan so‘ng soviydi, ta’siri taxminan bir soatga yetadi.

Nam sochlar

Agar tez shamollamasangiz, har yarim soatda sochlaringizni sovuq suv bilan namlashingiz mumkin. Albatta, ayollar soch turmagini buzishni xohlamaydi, erkaklar esa buni xohlagan vaqtda qilishlari mumkin. Effektni kuchaytirish uchun yuz va yelkangizni ham suv bilan yuving.