Polsha parlamenti deputati va mahalliy bog‘bonlar uyushmasi prezidenti Miroslav Malishevskiy o‘rim-yig‘im davrida ukrainaliklarni o‘zbeklar bilan almashtirishni taklif qildi. Bu haqda MailBD portali xabar bermoqda.

Foto: Global Look Press

Polshada meva yig‘ish bilan bog‘liq vaziyat ukrainaliklarning harbiy xizmatga chaqirilishi sababli mamlakatni tark etishi taqiqlangani fonida ishchilar yetishmasligi tufayli yomonlashmoqda.

Malishevskiyning so‘zlariga ko‘ra, polshalik fermerlarga yuk mashinalari va traktorlarni boshqaradigan xodimlar, shuningdek, o‘g‘itlar bilan ishlay oladigan ishchilar yetishmayapti.

Ko‘pgina fermerlar rezavorlar va mevalar buzilib ketishidan shikoyat qilsa, iste’molchilar oshirilgan narxlardan arz qilmoqda. Shuning uchun ham polyaklar hozirgi vaziyatda o‘zbek ishchilarini Polshaga jalb qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

“Rossiyadagi inqiroz tufayli to‘rt milliondan ortiq o‘zbekistonliklar o‘z vatanlariga qaytdi, endi ular ishsiz va Polshaga kelishga tayyor” — deydi Malishevskiy.