Rossiyada mehnat muhojirlari soni 500 ming kishigacha kamaydi, bu 2020-yil oxiridagi ko‘rsatkichning chorak qismini tashkil etadi, deb yozmoqda “RIA Nedvijimost” Quruvchilar milliy assotsiatsiyasi (“Nostroy”) prezidenti Anton Glushkovga tayanib.

Foto: “RIA Novosti”

Glushkovning aytishicha, 2020-yil oxirida, rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, qurilish obyektlarida 800 ming, ekspertlar hisobiga ko‘ra, 2 millionga yaqin migrant ishlagan.

“Bugungi kunda rasmiy statistik ma’lumotlar deyarli yo‘q, chunki muhojirlarning barchasi bizga sayyoh sifatida kelmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda qurilishda 500 mingga yaqin muhojir bor, bu avvalgi ko‘rsatkichning chorak qismiga teng”, — dedi Glushkov.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya viloyatlari hozirda mehnat muhojirlarining eng katta taqchilligini boshdan kechirmoqda, chunki Moskva, Sankt-Peterburg va bir nechta yirik shaharlar ish haqi oshgani sababli mavjud oqimni to‘liq ortga qaytarib yubormoqda.

Glushkovning so‘zlariga ko‘ra, muhojirlar an’anaviy tarzda pardozlash ishlari bilan shug‘ullangan. Bugungi kunda bu ishga rossiyalik mutaxassislarni jalb qilish deyarli kuzatilmayapti, shuning uchun mamlakatda uy-joylarni tayyor bezak bilan ta’minlash kamaydi, dedi u.

“Quruvchilar bunday mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni minimallashtiradigan mahsulot ishlab chiqarishga harakat qilmoqda. Shu bois, white box (oq quti) ko‘rinishidagi uy-joylar hajmi sezilarli darajada oshdi”, — deya xulosa qildi uyushma rahbari.

Ayni paytda, Rossiya Qurilish vazirligi rahbari Irek Fayzullin “RIA Nedvijimost”ga aytishicha, vazirlikka qurilish kompaniyalaridan migrantlar yetishmasligi muammosi bilan bog‘liq arizalar kelib tushmayapti.

“Barqaror rejimda Qurilish vazirligi avval e’lon qilingan pandemiya choralarini ishlab chiqmoqda. Shu bilan birga, bizda ishchi kuchi yetishmasligi bo‘yicha og‘ir murojaatlar yo‘q”, — dedi u.

Fayzullinning so‘zlariga ko‘ra, hukumatning idoralararo ishchi guruhi “O‘zbekiston va Tojikistondan kelgan ishchilar masalasida aniq ishlamoqda”.

Bundan tashqari, vazirning qo‘shimcha qilishicha, do‘st bo‘lmagan mamlakatlarning sanksiyalariga qarshi kurash doirasida Qurilish vazirligi ishchi kuchi yaratishning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqmoqda.