Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi yo‘llarni ta’mirlashda noqonuniy holatlar aniqlagani haqida xabar berilgandi. “Boyovut tuman yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasi mazkur holatga munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, “Boyovut tumani yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasida 2022-yil 6-mayda o‘tkazilgan tekshirish jarayonida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan qo‘yilgan ayblovlarga korxona tomonidan o‘z e’tirozlarini yozma ravishda bildirgan hamda Sirdaryo viloyati prokuraturasiga 23-mayda №01/82-sonli e’tiroznoma xati taqdim qilingan.

“Bugungi kunda korxona tomonidan taqdim etilgan e’tiroznoma xatiga asosan Xovos transport prokuraturasi tomonidan qayta o‘rganish ishlari olib borilmoqda”, — deyiladi rasmiy munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilda prezidentining “‘Obod qishloq’ va ‘Obod mahalla’ dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda 8 mingga yaqin qishloq va mahallada qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi kerak edi. May oyida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” doirasidagi ishlar sifatsiz olib borilayotgani haqida Bosh prokuraturaga murojaat qilish bo‘yicha yangi tizim ishga tushirilgandi.