Oxirgi 10 yillikda nechta o‘zbekistonlik AQSHning EB-5 vizasini olgani ma’lum qilindi. Bu haqda AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmatlari ma’lumot bergan (pdf).

Foto: Bloomberg

Unga ko‘ra, 2011-yildan buyon 12 ta O‘zbekiston fuqarosi EB-5 immigratsion vizasini olishga muvaffaq bo‘lgan. Bu jarayon faqat ikki yil davom etgan — 2016-yilda 5 ta, 2018-yilda 7 ta.

EB-5 dasturi yordamida AQSHda immigratsion viza, besh yildan so‘ng esa mamlakat fuqaroligini olish mumkin. Bu uchun AQSH iqtisodiyotiga kamida 500 ming dollar investitsiya kiritish talab etilgan.

Shu davrda MDHning boshqa davlatlari fuqarolaridan 64 tasi bu dastur doirasida viza olgan — Armaniston (9 ta), Ozarbayjon (20 ta), Belarus (17 ta), Gruziya (8 ta), Turkmaniston (1 ta) va Tojikiston (9 ta).

2021-yilda ushbu mamlakatlar orasidan faqat Armaniston (1 ta) va Ozarbayjon (4 ta) fuqarolari EB-5 vizalarini olgan.

Avvalroq O‘zbekistonda aprel oyida necha kishi Green Card olgani ma’lum bo‘lgan edi.