Ijtimoiy tarmoqlar va Telegram kanallarda “To‘polang” GES inshootida yuqori bosimdagi suv tashlamasi aks etgan videomaterial tarqalmoqda. Holat yuzasidan “O‘zbekgidroenergo” munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, mazkur yuqori suv bosimli tashlama, “To‘polang” GES inshooti emas. Mazkur xabar yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

“To‘polang GES inshootida texnik nosozlik to‘liq bartaraf etilgan. Vaziyat barqaror. Bu vaziyatdan sarosimaga tushish va vahimaga berilmaslikni so‘raymiz”, — deyiladi “O‘zbekgidroenergo” xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda “To‘palang” GES inshootining yon qismida favvora ko‘rinishida aks etayotgan suvning chiqishi GESning bosimli suv quvuri orqali me’yoriy qo‘shimcha suv salt tashlamasi inshooti hisoblanadi.

“Hozirda suv salt tashlamasi orqali daryo o‘zaniga yo‘naltirilmoqda. Mazkur inshoot orqali ortiqcha suvni daryo o‘zaniga yo‘naltirilishi salt tashlama inshooti uchun normal holat hisoblanadi.

Aholidan bu vaziyatdan ortiqcha sarosimaga tushish va vahimaga berilmaslikni so‘raymiz”, – deyiladi qo‘shimcha ma’lumotda.