Toshkentdagi “Katta Mirobod” mahallasida daraxtlarni sun’iy ravishda quritish maqsadida ularning tagiga har kuni ikki mahaldan dizel yoqilg‘isi quyib ketilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Davlat ekologiya qo‘mitasi mazkur holat o‘z tasdig‘ini topganini ma’lum qildi.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi

“Troll.uz” obunachisining yozishicha, “har kuni ertalab va kechqurun daraxtlar taglariga dizel yoqilg‘isi quyiladi”.

Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi ishchi guruhi holat qayd etilgan manzilda o‘rganish ishlarini olib borgan. “O‘rganish ishlari natijasiga ko‘ra, mavjud daraxtlarni sun’iy ravishda quritishga urinish o‘z tasdig‘ini topib, dastlabki surishtiruv ishlari boshlab yuborildi”, — deyiladi xabarda.

“Hozirgi kunda daraxtlarni saqlab qolish ishlari bo‘yicha o‘g‘itlar to‘kiladi va bu daraxtlarni saqlab qolish choralari ko‘riladi. Ushbu ishlarni amalga oshirgan shaxslarni surishtirish ishlari olib borilmoqda”, — deydi boshqarma mas’ul xodimi.

Qo‘mita e’lon qilgan suratlardan ko‘rish mumkinki, daraxtning ortidagi temir devorlar qurilish maydonchasi atrofini o‘rab olish uchun o‘rnatilgan. Katta ehtimol bilan daraxtlarni sun’iy ravishda quritishdan qurilish kompaniyasi manfaatdor bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2021-yil 31-dekabrdagi farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgandi. Jarimalar 5 baravarga, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori esa 2 baravarga oshirildi. Qolaversa, daraxtlarni har qanday holatda kesish yoki yo‘q qilish to‘g‘risida hukumat farmoyishlari va hokimlar qarorlarini qabul qilish taqiqlangandi.

Avvalroq O‘zbekistonda daraxt, buta, o‘simliklarni qonunga xilof ravishda kesganlar haqida ma’lumot bergan fuqarolarga qancha mablag‘ to‘lanishi, daraxt kesishga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilishi, 2021-yilning 10 oyi davomida daraxtlarning noqonuniy kesilishidan keltirilgan zarar 10 mlrd so‘mdan oshgani haqida xabar berilgan.