Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir beqiyos ustozligicha qolaveradi.

O‘zbekiston va jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rindi. O‘n yillar muqaddam aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ular haqida nima deb yozgan, ushbu voqea-hodisalarga jamoatchilikning munosabati qanday edi — bari “Kun matbuoti tarixi” rukni materiallarida.

90 yil avval. 1932-yil 23-iyun, payshanba

O‘ng qo‘l chap qo‘lning, chap qo‘l o‘ng qo‘lning qarorlaridan bexabar holda ko‘rsatmalar berayotgani haqida qiziq bir xabar:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 23-iyun sonidan lavha

O‘zbekiston hukumati ayrim shaharlarda sanitariya militsiyasini tuzish haqida qaror chiqargan. “Sanitariya militsiyasiga sanitariya choralarini o‘tkazish va yuzaga chiqarish majburiyati yuklatiladi”, — deyiladi “Qizil O‘zbekiston” xronikasida.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 23-iyun sonidan lavha

Alash-O‘rda — bu Qozog‘istonning Qo‘qon muxtoriyati. “Qizil O‘zbekiston”ning yozishicha, o‘z vaqtida shu muxtoriyatga aloqador bo‘lgan ikki qozoq ziyolisi Qozog‘iston markaziy gazetalari orqali chiqish qilib, “o‘zlarining o‘tmishdagi butun aksilinqilobiy faoliyatini qoralaganliklari, butunlay g‘oyaviy jihatdan qurolsizlanganliklari, sotsializm qurilishi maydonida astoydil ishlash niyatida ekanliklari” haqida tavba-tazarru qil(diril)gan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 23-iyun sonidan lavha

Darvoqe, 1932-yilgi xabarlarda “Stalinning olti sharti” degan jumlaga ko‘p bora ko‘zingiz tushgan, biroq buning nimaligini bilmagan bo‘lsangiz, mana:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 23-iyun sonidan lavha

60 yil avval. 1962-yil 23-iyun, shanba

“Qizil O‘zbekiston”ning bu kungi sonida uch sahifa (gazetaning o‘zi to‘rt sahifa) Sharof Rashidovning O‘zbekiston kolxoz va sovxozlari 1962-yil uchun olgan sotsialistik majburiyatlarini qanday bajarayotgani haqidagi ma’ruzasiga ajratilgan (ma’ruza aslida bundan kattaroq, hali ham gazeta uni qisqartirib bosgan). Ma’ruzada irrigatsiya yo‘nalishidagi yangiliklarga ham to‘xtalib o‘tilgan:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 23-iyun sonidan lavha

Gazetada ma’ruzadan ortiq yana nimalar haqida yozilgan? Masalan, O‘zbekistonda mehmon bo‘lib turgan Yugoslaviya parlamenti delegatsiyasi “O‘zbekistonda fan erishgan yutuqlarga qoyil qolgan”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 23-iyun sonidan lavha

Mirzacho‘lda g‘o‘za gullagan:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 23-iyun sonidan lavha

Fransiyada esa namoyishga chiqqan dehqonlarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanilgan:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 23-iyun sonidan lavha

30 yil avval. 1992-yil 23-iyun, seshanba

O‘zbekiston parlamentining navbatdagi sessiyasi 1992-yil 2-iyulga rejalashtirilgan. Unda jami 33 ta masala ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ro‘yxatda eng birinchi turgan masala — O‘zbekistonning Yangi Konstitutsiyasi loyihasidir. Shu munosabat bilan “Xalq so‘zi” gazetasida davra suhbati uyushtirilgan. Huquqshunoslik fanlari nomzodi Baxtiyor Mirboboyevning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning avvalgi, 1978-yilgi Konstitutsiyasi “umumxalq manfaatlarini o‘zida ifodalamagandi”. Boshqa bir huquqshunoslik fanlari nomzodi Aktam Tursunovning qo‘shimcha qilishicha, “Konstitutsiya aniq, qisqa, lo‘nda tuzilgan bo‘lmog‘i, u boshqa aktlarga faqat asos sanalmog‘i maqsadga muvofiqdir”.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 23-iyun sonidan lavha

Prezident Islom Karimovning Malayziya va Indoneziyaga tashriflariga doir yangi, ammo baribir qisqa tafsilotlar. Prezident Malayziyada bosh vazir Maxatxir Muhammad bilan, Indoneziyada esa prezident Suxarto bilan muzokaralar o‘tkazgan. Islom Karimov Indoneziyada dindorlarning turmushi bilan ham tanishgan. “Indoneziyada dinga ishonuvchilarning mutlaq ko‘pchiligi musulmonlardir. Tashrif rejasida O‘zbekiston prezidentining mamlakatdagi eng katta Istiqlol machitiga borishi ko‘zda tutilgan”, — deyiladi O‘zbekiston markaziy gazetalarida bosilgan O‘zA axborotida.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 23-iyun sonidan lavha

Xabar berishlaricha, Mustaqillik maydonida Ozodlik obidasini o‘rnatish bo‘yicha tanlov “kelasi yildan xalqaro miqyosda davom ettiriladigan bo‘ldi. Hozircha esa Mustaqillik maydoni markazida muvaqqat obida qad ko‘taradi”, — deya xabar bermoqda “Toshkent oqshomi”. Ta’kidlanishicha, “Mustaqillik maydoni markazidagi sobiq dohiy haykali shohsupasi ustida Yer shari ko‘rinishidagi qad ko‘taradigan bu obidada jahondagi boshqa mamlakatlar qatori O‘zbekiston xaritasi ham o‘z aksini topadi va unga zarhal harflar bilan ‘O‘zbekiston Respublikasi’ degan so‘zlar yozib qo‘yiladi”. Ma’lumot uchun, bu obida o‘rnida biror bir obelisk bo‘lishi ham mumkin edi.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 23-iyun sonidan lavha

1992-yilning 20—21-iyun kunlari Toshkentda kuchli yog‘ingarchilik kuzatilgan, “Toshkent oqshomi” mushtariyining ta’biri bilan aytganda, “iyun oyida bunaqa ko‘p yomg‘ir yog‘ishi kam uchraydigan holdir. Shuning uchun bo‘lsa kerak, suv joylarda anhor va ariqlar o‘zanidan chiqib, ‘boshi oqqan’ tomonga yo‘l oldi”. Qayd etilishicha, Yunusobodning ayrim hududlari suv ostida qolgan, xabar muallifining alohida qayd etishicha, u “uydan chiqib olish uchun kindigigacha suvga bo‘kkan”.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 23-iyun sonidan lavha

“O‘zbekiston ovozi” gazetasida Toshkent viloyati Toshkent tumani hokimi Rustam Akbarov bilan intervyu uyushtirilgan. Hokimga shunday savol berilgan: “Mabodo tuman hokimi umumxalq saylovi asosida saylanadigan bo‘lib qolsa, yetarli ovoz olishingizga ishonasizmi?”. Hokimning javobi quyidagicha:

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 23-iyun sonidan lavha

“Xalq so‘zi” gazetasining “Vatandosh” ruknida e’lon qilingan bir surat:

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 23-iyun sonidan lavha

Shu ruknda, shuningdek, taniqli vatandosh Boymirza Hayitning maktubi ham e’lon qilingan:

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 23-iyun sonidan lavha

Dunyoda nima gap? Moldova Rossiya bosqini ostida, Turkmanistonda esa Saparmurod Niyozov saylovchilarning 99,5 foiz ovozini olib, mamlakat prezidentiga aylangan.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 23-iyun sonidan lavha

Sport olamida nima gap? Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasida “Paxtakor” mavsum boshida chempionat peshqadami bo‘lib turgan “So‘g‘diyona”ni yirik hisobda mag‘lub etib, 1-o‘ringa chiqib olgan.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 23-iyun sonidan lavha

Futbol bo‘yicha Yevropa chempionatida esa Germaniya va Daniya finalga chiqqan (“O‘zbekiston ovozi” texnik imkoniyatlar cheklangani, shuningdek, “Toshkent oqshomi”dan farqli o‘laroq, respublika miqyosidagi gazeta bo‘lgani bois, Daniyaning finalga chiqqanini yozishga ulgurmagan).

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 23-iyun sonidan lavha

Ushbu material huquqlari mualliflarida saqlangan holda e’lon qilish sharti bilan “Daryo” internet-nashriga taqdim etildi