“O‘zbekkosmos” agentligi ishchi guruhi Fransiyaning Tuluza shahriga tashrifi doirasida Airbus Defence & Space kompaniyasining kosmik yer usti infratuzilmasi, geoaxborot ma’lumotlarini qayta ishlash markazi bilan tanishdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “O‘zbekkosmos”

Ushbu markaz Airbus Defence & Space kompaniyasining asosiy markazi bo‘lib, yerni masofadan zondlash uchun qo‘llaniladigan 6 ta optik va 3 ta radarli sun’iy yo‘ldoshdan iborat bo‘lgan sun’iy yo‘ldosh turkumini boshqarish stansiyasidan iborat. Mazkur stansiya barcha parvozlarni boshqarish, sun’iy yo‘ldosh orbitalarini boshqarish va suratga olish bo‘yicha vazifalarni belgilashning asosiy nuqtasidir. Taqdimot chog‘ida butun dunyo bo‘ylab yer usti stansiyalari ko‘p bo‘lishiga qaramay, ularning barchasi qabul qilish uchun ishlashi va faqat shu stansiya sun’iy yo‘ldoshlarni boshqarish imkoniyatiga ega ekanligi ta’kidlangan.

Keyinchalik yerni masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshlaridan ma’lumotlarni qabul qilish uchun mo‘ljallangan yerusti stansiyasi ko‘rsatilgan. Stansiyaning diametri 5,5 metr bo‘lib, uni tashqi muhit ta’siridan himoya qiluvchi himoya gumbazi mavjud. Yerusti stansiyasi 2300 kilometrgacha ishlash radiusiga ega bo‘lib, bu o‘z navbatida antenna ishlash radiusida uchuvchi bir nechta sun’iy yo‘ldoshlardan ma’lumotlarni qabul qilish imkonini beradi.

Shu bilan birga, Airbus Defence & Space’ning sho‘ba korxonasi Airbus DS GEO Intelligence kompaniyasi bosh direktori bilan uchrashuv o‘tkazilgan. Uchrashuvda tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holatini muhokama qilgan. Samarqand viloyatida GeoFerma loyihasining amaldagi holati haqida ikki tomon hisoboti tinglangan. Keyingi ishlar rejasi, shuningdek, loyihani respublika miqyosida kengaytirish bo‘yicha keyingi qadamlar muhokama qilingan.

Agentlik O‘zbekistonda kosmik texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, jumladan, kosmik monitoring doirasida yerni masofadan zondlash ma’lumotlaridan foydalanish va davlat kosmik monitoringi dasturini amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi hamda Airbus DS GEO Intelligence kompaniyasi tomonidan dastur doirasidagi loyihalar doirasida kosmik suratlar bilan ta’minlashga tayyorligi bildirilgan.

Fransiya tomonining taklifi asosida, dastlab, virtual stansiyadan foydalanish orqali yerusti stansiyasini joylashtirish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazilgan. Loyihani amalga oshirishning umumiy muddati barcha texnik hujjatlarni tasdiqlash, o‘rnatish va ishga tushirish, shuningdek, agentlik mutaxassislarini o‘qitish muddatlarini hisobga olgan holda kamida 2 yilni tashkil etadi. Agentlik qabul qilish stansiyasini kelgusida birgalikda ishlatish imkoniyati orqali xarajatlarni taqsimlashni ko‘rib chiqishni taklif qilgan.

Shuningdek, amaldagi Airbus DS GEO Intelligence kompaniyasi sun’iy yo‘ldosh turkumi doirasida O‘zbekiston manfaatlari uchun Yerni masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshini yaratish imkoniyati muhokama qilingan. Ushbu mexanizm kompaniyaning O‘zbekiston hududidagi barcha turkumlariga eksklyuziv egalik huquqini va potensial O‘zbekiston sun’iy yo‘ldoshidan Airbus DS GEO Intelligence kompaniyasi orqali ma’lumotlarni birgalikda sotish imkonini beradi.

Avvalroq O‘zbekistonda Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi tashkil etilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, “O‘zbekkosmos” agentligi prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida kosmik faoliyatni rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2019-yilda tashkil etilgan. “O‘zbekkosmos” agentligi kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.