Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir beqiyos ustozligicha qolaveradi.
O‘zbekiston va jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rindi. O‘n yillar muqaddam aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ular haqida nima deb yozgan, ushbu voqea-hodisalarga jamoatchilikning munosabati qanday edi — bari “Kun matbuoti tarixi” rukni materiallarida.
90 yil avval. 1932-yil 25-iyun, shanba
1932-yil 25-iyun kuni O‘zbekistonda markaziy gazetalar chop etilmagan.
60 yil avval. 1962-yil 25-iyun, dushanba
1962-yil 25-iyun kuni O‘zbekistonda markaziy gazetalar chop etilmagan.
30 yil avval. 1992-yil 25-iyun, payshanba
Prezident Islom Karimovning Janubi-Sharqiy Osiyo bo‘ylab turnesi 23-iyun kuni yakuniga yetgan, biroq O‘zbekiston markaziy gazetalari safar tafsilotlarini faqat 25-iyunga kelibgina bemalol bera oldi. Gazetalarda O‘zbekiston davlat rahbarining Janubiy Koreya prezidenti Ro De U, Malayziya rasmiylari, Indoneziya prezidenti Suxarto bilan uchrashuvlaridan fotosuratlar e‘lon qilingan.
O‘zA axborotiga ko‘ra, Islom Karimov Indoneziya prezidenti Suxarto bilan suhbat vaqtida O‘zbekistonning “avvaliga Qo‘shilmaslik harakatining kuzatuvchisi, so‘ngra esa to‘la huquqli a‘zosi ham bo‘lib qolish haqidagi qarorini ma‘lum qilgan”.
24-iyun kuni esa Islom Karimov Turkiston shahrida Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan uchrashgan. “Tarixan ildizi bir bo‘lgan ikki qo‘shni xalq davlat rahbarlari qadim Turkistonning Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qilishgach, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi shartnoma bu yerga tashrif buyurgan yuz mingdan ziyod aholi ko‘z o‘ngida tantanali suratda imzoladilar”, — deyiladi “O‘zbekiston ovozi” e‘lon qilgan xabarda.
2-iyul kuni O‘zbekiston parlamentining navbatdagi sessiyasi ochiladi. Shu munosabat bilan gazetalarda sessiyada ko‘riladigan masalalarga bag‘ishlangan materiallar berilmoqda. Ulardan biri “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasidir. Bu loyihaga bag‘ishlangan “Fuqarolik — muqaddas tuyg‘u” materialida “Xalq so‘zi” gazetasi muxbiri aholi fikrini o‘rgangan. “Men birdaniga ikkita mamlakat fuqarosi bo‘lishni istayman... Pullarimizning har xil bo‘lishini, davlat chegara bilan ajratilishini hech qabul qilolmayman”, — degan magazin mudirasi Svetlana Starikova muxbir bilan suhbatda.
Sessiyada “O‘zbekiston Respublikasida banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi masala ham muhokama qilinadi. Bu masala yuzasidan O‘zbekiston Davlat banki (hozirgi Markaziy bank) boshqaruvi raisi Fayzulla Mullajonov “Xalq so‘zi”ga intervyu bergan. Intervyudan ma‘lum bo‘lishicha, qonun bilan “kamida 1 million so‘m mablag‘ bilan xususiy ochishga ruxsat etish nazarda tutilmoqda”.
1992-yilda Toshkentdagi zavod va fabrikalarning oshxonalarida, masalan, palovning narxi 2 so‘mdan 10 so‘mgacha bo‘lgan. Taqqoslash uchun, oshxonalardagi narx-navoga bag‘ishlangan “Tushlikni cho‘ntak ko‘taradimi?” materialini bosgan “Toshkent oqshomi” gazetasining o‘zi 2 so‘m edi.
Orol va Orolbo‘yini asrash qo‘mitasi raisi Pirmat Shermuhamedov Tug‘ilish (Vozrojdeniye) orolidagi Rossiya harbiy bazasi, shuningdek, sayg‘oqlarni qirayotgan harbiylar haqida intervyu bergan.
1992-yilda O‘zbekistonda Nodira tavalludining 200-yilligi nishonlangan. Shu munosabat bilan “O‘zbekiston ovozi” gazetasi Nodira xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ayrim takliflarni o‘rtaga tashlagan: “Toshkent metrosi bekatlaridan biri Nodira nomiga qo‘yilsa; Andijon va Farg‘ona viloyatlaridagi shahar yoki rayonlardan biriga shoira nomi berilsa”.
Dunyoda nima gap? Gruziyada ag‘darib tashlangan prezident Zviad Gamsaxurdia tarafdorlari hokimiyatni yana qayta qo‘lga olishga muvaffaqiyatsiz urinib ko‘rgan, Qozog‘istonda esa parlament binosi oldidagi norozilik namoyishi ishtirokchilarining chodirlar shaharchasi kuch bilan tugatilgan.
“Moskovskiye novosti” gazetasida SSSR bosh vaziri Kosigin bilan Afg‘oniston Demokratik Respublikasi bosh vaziri, Inqilobiy kengash raisi Taraki o‘rtasida 1979-yil 18-mart kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqot matni e‘lon qilingan. Bu materialni tarjima qilib bosgan “Xalq so‘zi” gazetasining qayd etishicha, “ushbu hujjat Afg‘on tuprog‘iga ‘bostirib kirish g‘oyasi‘ qanday tug‘ilganligi haqida tasavvur hosil qilishimizga yordam beradi”. Masalan, ushbu muloqot davomida Afg‘oniston yetakchisi SSSRdan, xususan, afg‘onlarga yaqinroq bo‘lgan o‘zbeklardan iborat qo‘shin yuborishni iltimos qilgan.
Mavzuga doir:
- O‘zbekistonning oqlangan sobiq bosh vaziri, 1,5 oylik “otpuska”ga ketgan Fayzulla Xo‘jayev, Andijonda avtozavod qurish bo‘yicha kelishuv. O‘zbek matbuoti 24-iyunda nimalar haqida yozgan?
- Yangi — 1992-yilgi konstitutsiya muhokamasi, umumxalq saylovidan qo‘rqmaydigan hokim, Mustaqillik maydonidagi doimiyga aylangan muvaqqat obida. O‘zbek matbuoti 23-iyunda nimalar haqida yozgan?
- Toshkentda bitiruv oqshomlari, savodsiz kommunistlar, qizlar bilan mushtlashmaydigan Avazbek Olimov. O‘zbek matbuoti 22-iyunda nimalar haqida yozgan?
Ushbu material huquqlari mualliflarida saqlangan holda e‘lon qilish sharti bilan “Daryo” internet-nashriga taqdim etildi