Bundan 25 yil avval boks tarixidagi eng shov-shuvli janglardan biri o‘tkazilgan. 1997-yilning 28-iyun kuni Las-Vegasda Mayk Tayson va Evander Holifild o‘rtasida revansh jangi bo‘lib o‘tadi. Jang raqibining qulog‘ini tishlab olgani uchun 3-raundda “Temir Mayk”ning diskvalifikatsiyasi qilinishi bilan yakunlanadi. Quyida ushbu voqea va uning atrofidagi tafsilotlar haqida so‘z yuritiladi.

Foto: Reuters

Janggacha bo‘lgan yo‘l

O‘tgan asrning 80—90 yillarida Mayk Tayson va Evander Holifild boks olamining asosiy yulduzlari bo‘lgan. “Temir Mayk” super og‘ir vazn toifasida mutlaq jahon chempioni edi, u to‘qqiz marta o‘z unvonini himoya qilishga muvaffaq bo‘lgandi, shaxsiy rekordi esa 37-0 ni tashkil qilardi. Bokschi Muhammad Ali va Jo Luis kabi afsonalarga qiyoslanadigan darajaga yetgandi. Holifild esa bu vaqtga kelib, birinchi og‘ir vazn toifasida jang qilardi, 18 ta g‘alabaga erishib, 1988-yilda ushbu toifadagi barcha kamarlarni yig‘ib qo‘ygandi. Shu tariqa uning super og‘ir vaznga o‘tishi tobora aniqlashib borayotgandi. Holifild yangi vazndagi dastlabki beshta jangni nokaut bilan yakunlaydi va 1990-yilda Tayson bilan to‘qnashuvga tayyorgarlik ko‘rishni boshlab yuborgandi.

Xuddi shu yili boks tarixidagi eng shov-shuvli sensatsiyalardan biri sodir bo‘ladi. Giyohvand moddalar, spirtli ichimliklar bilan bog‘liq muammolar va jamoasining kutilmaganda tarqatib yuborilishi Taysonning aqliy va jismoniy holatiga shu qadar ta’sir o‘tkazadiki, u hamyurti Jeyms “Buster” Duglasga qarshi navbatdagi himoyaga shunchaki tayyorlana olmaydi. Jangdan oldin Duglasning imkoniyatlari juda past baholanadi. Biroq “Buster” Taysonni osongina “tinchitish” barobarida, uni ilk marta nokautga uchratadi.

Yorqin g‘alabadan so‘ng Duglas o‘zini yo‘qotib qo‘yadi: u tez-tez sport rejimini buzishni odat qilib, 130 kg gacha vazn yig‘ib qo‘yadi. Holifild bilan jangga kelib, u allaqachon o‘z soyasiga aylanib bo‘lgandi. Atlet Holifildga Duglasni “yo‘q qilish” uchun atigi 3 raund yetarli bo‘ladi.

Shu tariqa voqealar rivoji Tayson va Holifildning to‘qnashishiga borib taqaladi. Biroq Maykning spirtli ichkiliklarga qaramligini davolash jarayoni, so‘ngra 1995-yilda nomusga tegish bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha qamalishi tufayli duel haqidagi savol keyinga qoladi.

Uzoq kutilgan jang

1996-yilning noyabr oyida Las-Vegasda Tayson va Holifild nihoyat to‘qnash keladi. Ushbu jang jurnalistlar tomonidan “nihoyat” deb nom oladi. Evander bu vaqtga kelib, Riddik Bouga ikki bor, Maykl Murerga esa bir marta mag‘lub bo‘lgandi. Bundan tashqari, matbuotda uning yurak bilan bog‘liq muammolarga duch kelgani aytiladi.

Bahs g‘olibi Jahon boks assotsiatsiyasining (WBA) kamariga ega chiqardi. “Temir Mayk” mutlaq favorit sifatida qayd etiladi. Mutaxassislar Holifildga to‘rt raund beradi. Tayson birinchi raunddanoq raqibini nokautga uchratish maqsadida har doimgidek kuchli hujumlar uyushtira boshlaydi, ammo Holifild ustalik bilan himoyalanadi va qarshi hujumda harakat qiladi. Beshinchi raundda Mayk kuchli huk zarbasini yo‘llaydi va 5 soniyaga Holifildni “tiz cho‘ktiradi”. Ammo uch yil qamoqda o‘tirgandan so‘ng Taysonning chidamliligi ancha zaiflashib qolgandi va bu 10-raundga kelib, yaqqol seziladi. Holifild uni shunchaki “yeb qo‘yadi”. Maykni faqatgina gong qutqarib qoladi. 11-raundda ham do‘pposlash davom etganidan keyin hakamning jangni to‘xtatishdan boshqa iloji qolmaydi.

Jangdan keyingi matbuot anjumanida Tayson o‘z bayonoti bilan yana barchani hayratda qoldiradi, ammo bu safar ijobiy tomondan:

“Qo‘lingi siqib qo‘ymoqchiman. Biz bu jangni uzoq kutdik. Jang uchun katta rahmat. Senga nisbatan hurmatim baland”, — deydi u olqishlarga sazovor bo‘lib.

Shov-shuv va g‘azab

Ikki amerikalik o‘rtasidagi ikkinchi jang 1997-yilning 28-avgustida yana Las-Vegasda bo‘lib o‘tadi. Bu safar to‘qnashuvga “shov-shuv va g‘azab” deb nom beriladi. Jang oldidan tom ma’noda ajiotaj ko‘tariladi. Bir kun ichida 16 mingta chipta sotilib ketadi. Pulli translyatsiyani esa 1,99 million kishi sotib oladi. Jang jami 97 mamlakatda tomosha qilinadi.

Foto: Reuters

Ammo bu safar duel atigi uch raund davom etdi. Dastlabki daqiqalardanoq Tayson raqibini hech narsa bilan ajablantira olmaydi, faqatgina Holifildni provokatsiya qila oladi, xolos. Evander o‘z navbatida raqibining harakatlarini xotirjam o‘qiydi. Birinchi jangda bo‘lgani kabi Holifild boshi bilan zarba berib, Maykning ko‘zi ostida yorilish paydo bo‘lishiga sababchi bo‘ladi. Hakam uning harakatlarida hech qanday qoidabuzarlikni ko‘rmaydi. Aftidan, aynan shu lahza Taysonning fig‘onini falakka chiqargan.

Tayson uchinchi raundni ham shiddatli hujumlar bilan boshlaydi. Holifild faqat klinchlardan najot izlardi. Mayk Holifildga zarbalari ta’sir o‘tkaza olmayotganini ko‘rgach, klinchlarning birida raqibining qulog‘ini tishlab oladi. Holfildning qulog‘ining bir qismi Taysonning tishlari orasida qoladi, keyinchalik bu bo‘lak ringdan topiladi va egasiga qaytariladi.

Foto: Reuters

Raundlar orasidagi tanaffus paytida hakamlar Temir Maykning “g‘alati” texnikasini video takrorlarda payqab qoladi. Natijada, ular jangni to‘xtatishga va g‘alabani Evanderga berishga qaror qiladi. Tayson bunga zo‘ravonlik bilan norozilik namoyish etadi, u bor kuchi bilan politsiya xodimlari va o‘z jamoasi a’zolari qurshovidan qochishga harakat qiladi.

“Holifildni o‘ldirmoqchi edim. Menga 50 kishi osilib olgandi, ular to meni ringdan sudrab chiqqunigacha u tomon otilaverdim”, — deb yozgandi Tayson o‘z tarjimai holida.

Jangdan so‘ng Tayson 3 yil muddatga boks litsenziyasidan mahrum qilinadi, ammo bir yildan keyin unga ringga qaytishga ruxsat beriladi.

Hozirda Tayson va Holifild qalin do‘st hisoblanadi. 2009-yilda o‘tkazilgan shoularning birida Tayson sobiq raqibidan omma oldida kechirim so‘ragan. Bundan tashqari 2012-yilda Mayk o‘z Twitter sahifasida shunday xabar joylashtirgan:

“Bugun menga qulog‘ing bilan bo‘lgan voqeaning 15 yilligi ekanini eslatishdi. Seni yaxshi ko‘raman, Holifild. Sen haqiqiy chempionsan”.

O‘z navbatida Holifild ham do‘stiga uni yaxshi ko‘rishini aytib, hammasi joyidaligini bildirgan.