Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrining “Bog‘bonlar” mahallasida yashovchi kelin o‘z joniga qasd qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Samarqand viloyati prokuratura mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, 24-iyun kuni Samarqand shahri “Bog‘bonlar” mahallasi Yangravot ko‘chasida yashovchi 29 yoshli N.M. “uksus kislotasidan o‘tkir zaharlanish” tashxisi bilan RSHTTYoM Samarqand filiali jarrohlik bo‘limiga yotqizilgan.

27-iyun kuni N.M.ga ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Hodisa joyiga tezkor-tergov guruhi chiqib, ko‘zdan kechirilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Marhuma N.M.ning o‘limi sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy tekshiruvga yuborilgan. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari ustidan Bosh prokuratura tomonidan nazoratga o‘rnatilgan.

Avvalroq Andijonda 38 yoshli hokim yordamchisi yashash uyidagi molxona boloriga osilgan holda topilgani, Qashqadaryoda 16 va 14 yoshli qizlar o‘zini osib qo‘ygani to‘g‘risida xabar berilgandi.