Xitoyning Unitree Robotics kompaniyasi suv o‘tkazmaydigan to‘rt oyoqli robotini namoyish etdi, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.

Kadr: YouTube

B1 nomini olgan robot Boston Dynamics’ning mashhur Spot robotiga o‘xshab ketadi — ularning tashqi ko‘rinishlari bir xil. Asosiy farqi B1 suvdan IP68 standarti bo‘yicha himoyalangan.

IP68 darajasi 1,5 metr chuqurlikdagi suv ostida 30 daqiqa turish imkoniyatini taqdim etadi. E’lon qilingan videodan ko‘rish mumkinki, mexanik it suv ofatlariga yaxshigina bardosh bera oladi.

Xususan, rolikda robot-it daryoni kechib o‘tgani va basseyn tubiga tushgani tasvirlangan. Ikkala holatda ham faqat boshqaruv uchun mo‘ljallangan antenna va mexanik ixtiro orqasiga qotirilgan maxsus yuk suvdan chiqib turgan xolos.

B1’ning yuk ko‘tarish qobiliyati ham hayratlanarli: u 80—100 kilogramm yuk bilan bemalol harakatlana oladi. Harakatlanish tezligi soniyasiga 1,8 metr. 2—4 soatli harakatdan so‘ng, uni quvvatlantirish kerak bo‘ladi.

Bundan oldin Boston Dynamics’ning robot-iti 74,5 ming dollardan sotuvga chiqqani, u Singapur bog‘ida odamlar orasidagi oraliq masofani tekshirishni boshlagani to‘g‘risida xabarlar berilgandi.