O‘zbekistonda 1-iyul sanasidan boshlab yengil avtotransport vositalarining orqa yon oynalari tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun ruxsatnoma olish tartibi bekor qilindi, ya’ni bepul. Old yon oynalari qoraytirish esa ancha arzonlashtirildi – 2 million 400 ming so‘m (BHMning sakkiz baravari) etib belgilandi.

Foto:“Daryo”

“Tonirovka” narxlari bir necha baravarga yengillashtirilgan bo‘lsa-da, jarima miqdori yuqoriligicha qolmoqda. Qonunchilikka ko‘ra, noqonuniy “tonirovka” qilish va ruxsatnoma muddatini o‘tkazib yuborganlik uchun 7 million 500 ming so‘m (BHMning yigirma besh baravari) jarima solinadi. Shunday huquqbuzarlik bir yil davomida takrorlansa 12 million so‘m (BHMning qirq baravari) jarima qo‘llaniladi.

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, jarimalar o‘z holicha qolgan, bu xususida hech qanday o‘zgartirish yo‘q.

Yana bir yangilik, qarorda Ichki ishlar vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022-yil 1-sentabrga qadar oynalari tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsat berilgan avtotransport vositasiga bo‘lgan egalik huquqi o‘zgarganda, davlat raqami belgisi almashtirilganda yoki avtotransport vositasi egasining ma’lumotlarida o‘zgarish bo‘lganda avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) berilgan ruxsatnomaning amal qilish muddatini avtomatik tarzda saqlab qolish tartibini joriy etish topshirilgan.

Hozirda “tonirovka” uchun ruxsatnoma 1 yil muddatga beriladi. Bundan tashqari, avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bilan bir qatorda ichki ishlar organlari yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari tomonidan ham amalga oshirish tartibi joriy etiladi.