AQSH prezidenti Jo Bayden Madriddagi NATO sammitining yakunlagan matbuot anjumanida Ukrainaga yangi yordam paketini taqdim etish rejasini ma’lum qildi.

Foto: AP Photo

CNN xabariga ko‘ra, 800 million dollarlik yordam paketi havo hujumidan mudofaa tizimlari, artilleriya va o‘q-dorilar, dushmanning o‘q otish joylarini aniqlash va otishni sozlash imkonini beruvchi batareyali radarni o‘z ichiga oladi. “Aynan AQSH Ukrainaga yordam berish uchun butun dunyoni birlashtirmoqda” — degan Amerika prezidenti.

“Men Putinga aytdimki, agar u Ukrainaga bostirib kirsa, NATO nafaqat kuchliroq bo‘ladi, balki yanada birlashadi. Va biz bugun aynan shu narsani ko‘rmoqdamiz” — deydi Bayden.

AQSH prezidenti, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi butun dunyoda, jumladan, AQSHda ham oziq-ovqat va yoqilg‘i narxining oshishiga olib kelganini yana bir bor ta’kidladi. “Oxir-oqibat, yoqilg‘i narxi ko‘tarilishining sababi Rossiya. Rossiya, Rossiya, Rossiya. Oziq-ovqat inqirozining sababi ham Rossiya”, degan Bayden.

AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning o‘zi bosqin uchun “juda yuqori narx” to‘lamoqda. “Ular deyarli yuz yil ichida birinchi marta davlat qarzini to‘lashdan bosh tortishga majbur bo‘ldi. Ular o‘z iqtisodiyoti nuqtayi nazaridan erishgan yutuqlarining 15 yilini yo‘qotdilar. Ular neft ishlab chiqarish hajmini saqlab qolishda ham muammolarga duch kelishadi, chunki ularda buning uchun texnologiya yo‘q. Shuningdek, ular qurollar va ayrim harbiy tizimlari nuqtayi nazaridan ham xuddi shunday holatda”, — deya qo‘shimcha qilgan AQSH prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina allaqachon Rossiyani jiddiy mag‘lubiyatga uchratgan, shu bilan birga, “Rossiya allaqachon xalqaro obro‘sini yo‘qotgan”.

Rossiya shunday holatda turibdiki, butun dunyo uni kuzatmoqda va aytmoqda: “Bir daqiqa, siz Kiyevni olmoqchi bo‘ldingiz – yutqazdingiz, Donbassni olmoqchi bo‘ldingiz – hali buni uddalaganingiz yo‘q”.

Bayden ukrainaliklarning jasorati va chidamliligiga e’tibor qaratib, hammasi qanday yakunlanishini bilmasligini, lekin bu albatta “Ukrainaning Ukrainada Rossiyaga mag‘lub bo‘lishi” bilan tugamasligini ta’kidladi.