Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrining “Bog‘bonlar” mahallasida yashovchi kelin o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar tarqaldi. Samarqand viloyati prokuraturasi mazkur holat yuzasidan rasmiy izoh berib, voqea 2022-yilning 24-iyun kuni sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov esa mazkur holat bo‘yicha o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ochiqladi.

Aytilishicha, 29 yoshli ayol uksus kislotasidan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi Samarqand filialining jarrohlik bo‘limiga yotqizilgan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan 27-iyun kuni vafot etgan.

Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi Samarqand filiali bo‘lim mudiri Sherzod Mo‘minovning ta’kidlashicha, ayol ahvoli og‘ir holda shifoxonaga kelgan. Tekshirilganda uning oshqozonidan uksus borligi aniqlangan. Bemorning oshqozoni yuvilayotganda qon orqali suyuqlik chiqa boshlagan. Siydik pufagidan esa qo‘ng‘ir rangda suyuqlik chiqqan.

Nilufar Maqsudova.

Foto: “Daryo”

“Uksus bilan zaharlanganda qonda gemoliz chiqadi hamda oshqozon, og‘iz bo‘shlig‘i, qizil o‘ngachning shilliq qavatlari kuyishi kuzatiladi. Minimal o‘limga olib keladigan doza 30 milligramm hisoblanadi. Bemor qancha miqdorda uksus ichgani aniq emas. Shuningdek, uyda qancha vaqt davomida qolib ketgani ham noma’lum. Bemorga uch kun davomida yordam ko‘rsatildi. Zaharlanishning o‘ta og‘ir darajasi bo‘lgani sabab ikki kun davomida qonda gemoliz kuzatildi. Uchinchi kundan boshlab bemorda o‘tkir jigar va buyrak yetishmovchiligi sodir bo‘ldi. 27-iyunda siydik to‘xtatilishi kuzatildi. Qon bosimi me’yorida turmadi. O‘tkazilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan bemorda biologik o‘lim qayd etildi”, — deydi Sherzod Mo‘minov.

Ayol nega uksus ichib o‘z joniga qasd qildi? “Daryo” muxbiri voqea sodir bo‘lgan “Bog‘bonlar” mahallasida bo‘lib, qo‘ni-qo‘shnilar, mahalla raisi va marhuma ayolni tanigan boshqa insonlar bilan suhbatlashdi.

Foto: “Daryo”

“Bog‘bonlar” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Vali Qodirovning aytishicha, to‘qqiz yillik faoliyati davomida faqatgina mana shu oilada bo‘lgan ikkita noxush voqea shov-shuvga sabab bo‘lgan.

“Bu oilada nega bunday voqea bo‘ldi, to‘g‘risi o‘zim ham tushunmayapman. Oilada hech janjal ko‘rmaganman. 24-iyun kuni shu xabarni eshitib shifoxonaga bordik. Jonlantirish bo‘limida bo‘lgani uchun bemorni ko‘rolmadik. 27-iyun kuni qaynonasi bilan gaplashganimda ahvoli og‘ir ekanini aytdi. Bir soatdan so‘ng esa olamdan o‘tibdi”, — deydi Vali Qodirov.

Mahalla raisining aytishicha, bunday holatning yuzaga kelishiga marhumning qaynonasi sababchi bo‘lishi mumkin. Boisi turmush o‘rtog‘i juda og‘ir tabiat va ayoliga yaxshi munosabatda bo‘lib kelgan.

“Bog‘bonlar” MFY raisining xotin-qizlar bo‘yicha maslahatchisi Lola Ahmedovaning aytishicha, u marhumaning onasi bilan gaplashgan. U kuyovi yaxshi ekanini, shifoxonada ko‘p xarajat qilishganini, ko‘p qon quyilishiga qaramasdan qizi vafot etganini aytgan. Shuningdek, kuyovini qamamaslik kerakligini, kuyovi qamalsa qizining ruhi chirqirashini aytgan. Viloyat hokimi o‘rinbosari — viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Rahmonova kelib qo‘shnilar bilan gaplashganida qaynona haqida yomon fikrlar bildirilgan.

Marhuma ayol qo‘shnilarining ma’lumot berishicha, marhumaning qaynonasi qattiqqo‘lligi sababli kelin qiyin ahvolga tushib qolgan.

“Rahmatli Nilufar ikkinchi ayol bo‘lib turmushga chiqqandi. Turmush o‘rtog‘ining birinchi ayoli ham 2018-yil o‘z joniga qasd qilib vafot etgandi”, — deydi suhbatdosh qo‘shnilar.

Qo‘shnilarning qo‘shimcha qilishicha, xonadonning ikki kelini ham juda aqlli, muomalali, mehnatkash bo‘lgan. Kelinlar doim uy ishlari bilan band bo‘lgan. Ular umuman ko‘chaga chiqmagan. Ikki kelinga ham qaynona zulm ko‘rsatib kelgan.

“Bu qaynona bir emas, ikkinchi kelinining ham ‘boshini yedi’. Jazosini olish kerak. Hech kimga quloq solmaydi. Bu zo‘r. Bundan kuchli odam yo‘q. Istagan odamini haqorat qiladi. Mahallada bunga gapiradigan odam yo‘q. Ayol juda o‘tkir. Unga hech kim bas kelolmaydi. ‘Slujanka’ deb nom ham qo‘yib olgan edi keliniga. Ikkala kelin ham juda odobli edi. Doim qo‘ni-qo‘shnilarga salom berib, ularning hurmatini joyiga qo‘yardi”, — deydi yana bir qo‘shnilaridan biri.

Jurnalistik surishtiruvimiz davomida marhuma ayolning bolalik davri o‘tgan “Qo‘shbaqqolli” mahallasida ham bo‘ldik. Mahalla raisining aytishicha, marhuma turmush qurganidan so‘ng ikki oy o‘tib uyga qaytib kelgan. Marhumaning onasi mahallaga murojaat qilganidan so‘ng er-xotin yarashtirib qo‘yilgan. Shuningdek, marhumaning onasi qudalariga da’vosi yo‘qligini ham bildirgan.

Foto: “Daryo”

Aniqlanishicha, xonadonning 2018-yil vafot etgan kelini so‘nggi manziliga qo‘shnisining uyidan kuzatilgan bo‘lsa, 27-iyun kuni vafot etgan kelin esa ona uyidan chiqarilgan.

“Qudalar mard bo‘lsa, kuyov erkak bo‘lsa ma’rakaning biror narsasini ko‘tarar edi. Yoki marhumani uyidan chiqarardi”, — deydi marhumaning ammasi.

Marhuma xonadoni vakillarining aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda marhumaning uydagilari pul olgani uchun da’vo qilmayapti degan gap tarqalgan.

“Aslida esa bechora onayizor qizining qabri qayta ochilishini, mayiti xo‘rlanishini istamagani uchungina da’vo qilmayapti”, — deydi marhuma qarindoshlaridan biri.

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri ushbu xonadonning o‘z joniga qasd qilgan birinchi kelini — marhuma Azizaning onasi Muhabbat Yusupova bilan ham suhbatlashgan.

“2015-yil qizimni shu xonadonga turmushga bergandim. Uch yil-u uch oy yashaganidan keyin, aniqrog‘i 2018-yilning 23-iyun kuni ertalab o‘z joniga qasd qildi, degan xabar keldi. Men bunga ishonmadim. O‘sha voqeadan so‘ng marhum qizimning qaynonasi va eri qizimning vos-vos bo‘lgani, jinni bo‘lib qolgani haqida gap tarqatdi. Aslida qizimning es-hushi joyida edi. Qizim o‘limidan bir kun oldin 10 dona ‘buxanka’ non olib ketgan edi. Qizim joniga qasd qilganiga hali ham ishonmayman. Qizim qaynonasi azob berishini aytardi. Men o‘sha vaqtda haqiqatning tagiga yetish uchun juda ko‘p yugurdim. Ammo hech kim quloq solmadi. Bu xonadon vakillari ikkinchi kelinga ham azob bergan. Hattoki homilasini ham tushirgan. Qizimdan yodgor sifatida bir qizcha qolgan. Uni ko‘rishga imkon bermaydi. Nevaram bu xonadonda yaxshi tarbiya topmaydi. Iltimos, uni menga berishlarini so‘rayman”, — deydi Muhabbat Yusupova.

Muhabbat Yusupova bir xonadonning ikki nafar kelini tasodif sabab o‘z joniga qasd qilmasligini, holat qonuniy o‘rganilib, aybdorlar jazolanishi lozimligini so‘ramoqda.