Aktyor va xonanda Aziz Rametov ijtimoiy tarmoqlar orqali otasi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Jumadulla Rametovning Alsgeymer xastaligiga chalingani haqida ma’lum qildi. U dunyoga eng keng tarqalgan va yil sayin “yosharib” borayotgan kasallik haqida videorolik ham suratga oldi.

Foto: “Daryo”

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda har yetti soniyada kimdir Alsgeymer kasalligiga chalinadi. Insonni aqliy qobiliyatlardan, ayniqsa, xotiradan ayiruvchi Alsgeymer xastaligi nafaqat keksalar, balki ayrim yoshlarga ham xavf solmoqda. Ilgari bu xastalik 65 yoshdan yuqori bo‘lgan kishilarda uchragan bo‘lsa, bugungi kunda 45 yoshlik insonlar ham undan aziyat chekmoqda.

Amerikalik psixiatr Neyl Buxgolts oddiy parishonxotirlik bilan Alsgeymer o‘rtasidagi tafovutni quyidagicha izohlagan. “Agarda siz kalitlarni qayerga qo‘yganingizni unutsangiz, bu Alsgeymer alomati emas. Kalit qanday vazifani bajarishini unutib qo‘ysangiz – buni jiddiy muammo deb aytish mumkin”.

Foto: “Daryo”

— Karantin avjiga chiqqan paytida Jumadulla aka bu kasallikka chalinganini bildik. Ammo men u paytda Turkiyada “Mendirman Jaloliddin” serialining syomkasida edim. O‘g‘illarim dadasini darrov kasalxonaga olib borgan. Ammo u paytda bemorlarning ko‘pligidan kasalxonalarda bo‘sh joy yo‘q ekan. Aziz o‘g‘lim kunda qo‘ng‘iroq qilib: “Nima qilamiz, ahvollari og‘ir”, dedi.

Uzoqda bo‘lganim uchun qo‘limdan hech narsa kelmadi. Undan keyin o‘zimga ham saraton xastaligi tashxisini qo‘ydi. Ketma-ket kelgan dard oilamizni shoshirib qo‘ydi.

“Men teatrga ishga bormayapman, oyligimni olib tashlashsin, yoshlarga berishsin”, deydi. Shuncha yil ishladingiz, ozgina siylashsa nima qilibdi, desam ham unamayapti. Men to‘y xizmatlari yoki syomkalar sabab teatrga borolmagan kunlarim bo‘lgan. Ammo Jumadulla Rametov biror marta teatrga xiyonat qilmagan inson.

Men kasallikka taslim bo‘lganim yo‘q, nasib qilsa turmush o‘rtog‘im ham bu dardni yengib o‘tadi. Buning uchun oilamiz bilan kurashyapmiz, — deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametova.

Foto: “Daryo”

— Xotira inson hayotida nechog‘lik muhim ahamiyat kasb etishini endi anglab yetyapman. Dadamda Alsgeymer kasalligi boshlanganiga 2 yil bo‘ldi. Avvaliga erkalik qilyapsiz, deb unchalik ishonmadim. Keyin birdan ozib ketdilar. Avvaliga qisqa vaqt xotiralarini yo‘qotib, ma’lum vaqt sog‘liklari yomonlashgan bo‘lsa, bir yildan buyon ahvollari yanada yomonlashdi.

Avvaliga dadamni shifoxonada davolanishlarini istamadim. Uyda, oila davrasida bo‘lsa yaxshi deb o‘ylagandim. Ammo bu xastalikka o‘tib ketadi, deb qarash kerak emas ekan. Ya’ni bemor ma’lum vaqt shifokor nazoratida bo‘lishi, dori va ukollarni o‘z vaqtida qabul qilishi kerak ekan.

Dadam Alsgeymer xastaligining ikkinchi bosqichidan o‘tdi. Bu kasallik 4 ta bosqichdan iborat ekan. To‘rtinchi bosqich juda og‘ir kechishi haqida eshitdim.

Dadam ham tez-tez xotiralarini yo‘qotib, nima qilishlarini bilmay qolyapti. Ba’zan uyda hojatxona yoki oshxona qayerda ekanini unutib qo‘yadi. Gohida esa onamga qarab “ayajon” deydi. Yarim kechasi uyg‘onib, o‘zini noqulay his qilayotganini aytadi. Onam esa yarim kechasi bo‘lsa-da, uyg‘onib dadamni yupatadi. Ilohim, dadamning dardiga shifo bersin, — deydi aktyor va xonanda Aziz Rametov.