O‘zbekistonda avtomobillarning orqa yon oynalarini qoraytirishga ruxsatnoma talab qilinmasligi va old yon oynalar qoraytirilishi uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan narxning olti baravarga arzonlashgani “tonirovka”ga bo‘lgan talab ortishiga sabab bo‘ldi. Mazkur talab esa bu xizmat narxining keskin oshishiga olib keldi. “Daryo” muxbirlari hududlarda mazkur xizmat sifati va uning ayni paytdagi narxi bilan qiziqdi.

Samarqandda avtomobil “tonirovka”si 1 million so‘mga tushmoqda

Asli Tojikistonning Dushanbe shahridan bo‘lgan Alisher Hasanov uch yildan beri Samarqandda avtomobillarning oynalari tusini o‘zgartirish bilan shug‘ullanadi. 1-iyuldan joriy etilgan yangilik sabab Alisherning ishi yanada ko‘paydi.

Foto: “Daryo” / Farhod Norbo‘tayev

“Bitta o‘zim ustaman. Qolganlar esa shogirdim. Ko‘rib turibsiz, mijozlar juda ko‘p. ‘Tonirovka’ yopishtirish narxi ozgina qimmat. O‘zbekistonda ‘tonirovka’ plyonkasi qimmat aslida. Shu sababli ham narx qimmat. Ikkita orqa oynani qoraytirib berish hamma narsasi o‘zimizdan bo‘lsa 300 ming so‘m. Agar plyonkani o‘zlari olib kelsa 150 ming so‘m. Avtomobilni to‘liq ‘tonirovka’ qilib berishning usta haqi 500 ming so‘mni tashkil qiladi. Agar materiallari o‘zimizdan bo‘lsa 1 million so‘mga chiqadi”, — deydi Alisher Hasanov.

Foto: “Daryo” / Farhod Norbo‘tayev

Alisher Hasanovning aytishicha, agar plyonka narxi arzon bo‘lsa xizmat narxi ham arzon bo‘ladi.

“Tojikistonda ‘tonirovka’ga ruxsat olish qimmat. Ruxsatnoma olish 5 million somonga tushadi. Usta haqqi esa arzon 100 somon”, — deydi Alisher Hasanov.

Foto: “Daryo” / Farhod Norbo‘tayev

Yana bir “tonirovkachi” usta Jamol Haydarovning aytishicha, u ikki yilda u avtomobillarning oynasini qoraytirish bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Foto: “Daryo” / Farhod Norbo‘tayev

“Bizlarda bugungi kunda talablar ko‘paydi. Ko‘pchilik kelib so‘rayapti. Biz mehnatimizga pul olyapmiz. Plyonkalarning narxi o‘zidan-o‘zi birdan ko‘tarilib ketdi. Bir xil mijozlar bor plyonkani o‘zlari olib keladi, bir xillariga esa o‘zimiz qo‘yamiz. Arzon plyonka olmaymiz. Agar plyonkani o‘zlari olib kelsalar har bir eshigiga 75 ming so‘mdan haq olamiz. Agar plyonka o‘zimizdan bo‘ladigan bo‘lsa, ikkita eshigiga 300 ming so‘m olamiz. Sababi, hozir ikkita orqa eshikka ketadigan bir yarim metr plyonka ham 140 ming so‘m bo‘ladi. Agar o‘zlari olib kelsa biz plyonkaning sifatiga qaramaymiz. Magazindan olib keladi, biz qo‘yib beraveramiz. Mehnatimiz uchun belgilangan narx bir xil, ko‘tarilgani yo‘q. Faqat plyonka qimmatlashdi. Avvallari plyonkaning o‘ramini 150 dollarga olgan bo‘lsak, hozir 200 dollarga olyapmiz. Narxning oshishi plyonkada bo‘lyapti. Va hozir shu plyonkani ham topib bo‘lmaydi. Odamlar usta qimmat deb aytyapti. Mijozlar bilan tushunmovchilik bo‘lmasligi uchun plyonkani o‘zlari olib kelishini tushuntiryapmiz. Agar yaxshi plyonka bo‘ladigan bo‘lsa usta haqqi uchun har bir eshikka 75 ming so‘mdan pul olamiz”, — deydi Jamol Haydarov.

Qora plyonkalar Namangandagi ehtiyot qismlari do‘konida eng xaridorgir mahsulot

“Daryo”ning Namangan viloyatidagi muxbiri Azizbek Abduvaliyevning ma’lumot berishicha, “tonirovka” bo‘yicha chiqqan qarordan so‘ng hududdagi avtomobil ehtiyot qismlari do‘konlarida eng xaridorgir mahsulot qora plyonkalar bo‘lib qolgan.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akromov

Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi G‘irvon bozorida joylashgan avtodo‘kon sotuvchisi Abdulaziz Rahimovning aytishicha, oldinlari avtomobili uchun quyoshdan himoya qiluvchi plyonkalar so‘rab kuniga ikki-uch kishi kelgan bo‘lsa, hozir bunday xaridorlar soni 25-30 kishidan oshyapti.

AQSHda ishlab chiqarilgan plyonkalar metri o‘rtacha 60 ming, Xitoyda tayyorlanganlari esa 35-40 ming so‘mni tashkil etmoqda.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akromov

“Tonirovkachi” usta Mirzohid Sodiqjanovning aytishicha, ayni paytda xizmatiga talab kuchli bo‘lgani sababli qo‘li-qo‘liga tegmayapti. Kuniga 15 tacha avtomobilga xizmat ko‘rsatmoqda.

“Mashina ‘tonirovka’si o‘rtacha 30-40 daqiqa vaqt oladi. Xizmat haqimiz esa mashina rusumiga qarab 60 ming so‘mdan 80 ming so‘mgacha bo‘lmoqda”, — deydi Mirzohid.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akromov

Ko‘z oldimizda Spark haydovchisi avtomobilining orqa ikki yon oynasiga plyonka torttirdi. Plyonka uchun 55 ming so‘m, usta xizmati uchun esa 70 ming so‘m, jami 125 ming so‘m to‘lovni amalga oshirdi.

Azizbek Abduvaliyevning qo‘shimcha qilishicha, Namanganda avtomobilning umumiy “tonirovka”si nari borsa 500—600 ming so‘mga tushadi.

Andijonda avtomobil “tonirovka”si 1 mln 200 ming so‘m

Andijon viloyatida avtomobillarning orqa oynalarini qoraytirish xizmati avvalroq 25 ming so‘mdan 50 so‘mgacha bo‘lgan. Qaror qabul qilingandan so‘ng ushbu xizmat narxi 75 ming so‘mdan 150 ming so‘mgacha oshgan. Orqa yon oynalarini qoraytirish uchun haydovchilar qarordan avval 75 ming so‘mdan to‘lov qilgan bo‘lsa, bugunga kelib har bir orqa yon oynani qoraytirish narxi 150 ming so‘mdan 300 ming so‘mga qadar oshgan.

Foto: “Daryo” / Farhod Norbo‘tayev

Avtomashinani to‘liq qoraytirish uchun ustalar avval 100 ming so‘mdan 400 ming so‘mga haq olgan bo‘lsa, narx 1-iyuldan boshlab 1 million 200 ming so‘mga ko‘tarilgan.

Bundan tashqari qoraytirib beruvchi ustaxonalarning har birida kamida 10 tadan 30 tagacha avtomobil bo‘lib, navbatlar yuzaga kelgan. Ustalarning aytishicha, avvallari navbat kutganlar uch-to‘rttadan oshmagan.

Foto: “Daryo” / Farhod Norbo‘tayev

Farg‘ona bitta mashinani to‘liq ‘tonirovka’ qildirish 700 ming so‘mga tushadi

Farg‘onalik usta Sarvarjon Abdulazizovning aytishicha, oxirgi ikki kunda avtomashinasini “tonirovka” qildirish uchun kelayotgan haydovchilar soni keskin ortgan. Kecha 30-iyun kuni 40 tacha avtomobilga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugun ham uning ustaxonasidan haydovchilarning qadami uzilgani yo‘q. Ayni vaqtda kun kechki bo‘lishiga qaramasdan o‘ndan ortiq avtomashina navbatda turganiga guvoh bo‘ldik.

“Bitta mashinani to‘liq ‘tonirovka’ qildirish 700 ming so‘mga tushadi. Orqa ikki yon oynaga plyonka tortish 250 ming so‘m, old ikki yon oyna ham shu narxda”, — deydi Sarvarjon.

Foto: “Daryo” / Farhod Norbo‘tayev

Yana bir farg‘onalik usta Iqboljon Olimovning aytishicha, bitta mashinani “tonirovka” qilish xizmat haqi va plyonka narxini qo‘shib hisoblaganda 550 ming so‘mga aylanmoqda.

Avvalroq Toshkentda avtomobillar “tonirovka”si uchun olinadigan xizmat haqining o‘zi 800 ming so‘mdan 1 million 200 ming so‘mgacha baholanayotgani xabar berilgandi.

Farg‘onalik haydovchilarning qo‘shimcha qilishicha “tonirovka” bo‘yicha qaror narxlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Ilgari orqa ikki yon oynaga plyonka tortish 80 ming so‘mdan 150 ming so‘mgacha bo‘lgan narxni tashkil qilgan bo‘lsa, hozirgi kunda esa 180 ming so‘mdan 250 ming so‘mga tushmoqda.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akromov

Avtomashina ehtiyot qismlari sotiladigan do‘konlarda ham plyonka narxlari biroz oshgan. Ayni vaqtda 1 metrga 3 metrlik plyonka sifatiga qarab 50 ming so‘mdan 95 ming so‘mgacha sotilmoqda.

“Daryo” “tonirovka” bilan bog‘liq jarayonni o‘rganishda davom etadi.