Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonning Nukus shahridagi fuqarolarning noqonuniy namoyishlari aks etgan videolavhalar tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi holatga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, 1-iyul kuni soat taxminan 15:00 lardan boshlab Nukusda ayrim fuqarolar amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda ko‘cha yurishlarini tashkil qilgan. Nukusning Markaziy dehqon bozorida to‘planib, namoyishlar uyushtirishgan.

“Holat yuzasidan jamoat tartibining buzilishini oldini olish hamda fuqarolar tomonidan turli tartibbuzarliklarni sodir etishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida dehqon bozori hududiga huquqni muhofaza qilish organlarining kuch va vositalari jalb etilgan.

Hozirda jamoat tartibi tiklanib, fuqarolarning qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ymasliklari va barcha murojaatlari o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilishi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.