2022-yilgi ziyorat mavsumida ishtirok etishi kutilayotgan bir millionga yaqin musulmonlardan bir qismi 1-iyul, juma kuni Saudiya Arabistonining muqaddas Makka shahriga COVID pandemiyasi sabab bo‘lgan ikki yillik katta tanaffusdan so‘ng kela boshladi.

Oq liboslarga o‘ralgan, ba’zilari cho‘l quyoshining yonayotgan nurlariga qarshi soyabon ko‘targan, Makka masjidining markazidagi muqaddas bino bo‘lmish Ka’ba atrofida aylana bo‘ylab yurgan yuzlab odamlar hajning birinchi marosimini bajardi.

Saudiya Arabistoni, islom dinining eng muqaddas qadamjolari joylashgan Makka va Madinada bu yil xorijlik sayohatchilarga haj ziyoratini ado etishga ruxsat berdi. So‘nggi ikki yil ichida faqat bir necha ming Saudiya fuqarolarigina yillik haj ziyoratiga tashrif buyurdi, chunki COVID-19 global iqtisodiyotni vayron qildi va sayohatlarni qisqartirdi.

Biroq, rasmiylarning ta’kidlashicha, 2022-yil mavsumida atigi bir million odam ishtirok etishi mumkin, bu pandemiyadan oldingi darajaning yarmidan kamrog‘ini tashkil qiladi.

Xavfsizlik xodimlari masjid ichida ziyoratchilar bilan yuradi. Kuzatuv kameralari tarmog‘i masjidning atrofini kuzatadi va nazorat punktlari o‘tmishdagi halokatli to‘qnashuvlar, yong‘inlar va tartibsizliklar qayta takrorlanmasligini ta‘minlash uchun shaharga kirishni nazorat qiladi.

O‘tgan yillar davomida qirollik dunyodagi eng yirik diniy yig‘inlardan birining xavfsizligini yaxshilash uchun milliardlab dollar sarfladi. Imkoniyati yetgan har bir mehnatga layoqatli musulmon uchun umrida bir marta ado etishi kerak bo‘lgan haj ziyoratidan keluvchi daromadlar: turar joy, transporti, haj to‘lovi va sovg‘a-salomlar Saudiya hukumatining asosiy daromad manbai hisoblanadi.

2019-yil, pandemiya boshlanishidan oldingi yil, taxminan 2,6 million kishi haj ziyoratini amalga oshirgan, 19 millionga kishi esa umrada qatnashgan edi.

Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning iqtisodiy islohotlar rejasiga ko‘ra, umra va haj imkoniyatlarini yiliga 30 million ziyoratchiga yetkazish hamda 2030 yilgacha bu sohalardan 50 milliard riyol (13,32 milliard dollar) daromad keltirish maqsad qilingan.