Jahon boksi tarixidagi eng nomdor va faoliyati mojarolar bilan to‘la jangchilardan biri bo‘lgan afsonaviy Mayk Tayson 30-iyun kuni 56 yoshni qarshi oldi. Ringdagi “Temir Mayk” bilan bir qatorda uning hayot tarzi va qimmatbaho xaridlari ham ko‘pchilikka qiziq ekani bor gap. Quyida Taysonning avtomobillar kolleksiyasi haqida so‘z boradi.

Foto: Getty Images

Tayson faoliyatining cho‘qqisida ko‘p millionli gonorarlar olishni kanda qilmasdi.

1980 va 1990-yillarda raqiblarini dahshatga solgan shafqatsiz Mayk faoliyati davomida 200 million funtdan ortiq daromad qilgani aytiladi.

Foto: The Sun

Shunga qaramay Tayson 2003-yilda o‘zini bankrot deb e’lon qilgan.

Ammo u topganini ko‘kka sovurish barobarida eksklyuziv avtomobillar to‘plamini yig‘ib qo‘ygandi. Amerikalik Rolls-Royce, Ferrari va McLaren’ga alohida muhabbat qo‘ygan.

Amerikadagi sevimli limuzin

Tayson professional boksdagi debyutini 1985-yilda o‘tkazgan. 19 ta g‘alabani qo‘lga kiritgan (nokaut bilan) va birinchi “jiddiy pullar”ga ega chiqqan Tayson zamonaviy Cadillac Eldorado’ni sotib olishga qaror qiladi.

Foto: The Sun

Biroz vaqt o‘tgach, bokschi ushbu markadagi yana bir mashina – Cadillac Seville’ni sotib oladi. Hozir bunday mashinalarning narxi, taxminan, 20 ming funtni tashkil qiladi.

Foto: The Sun

Hashamatli Rolls-Royce’lar

Mayk 1986-yilda Jeyms Smitni mag‘lubiyatga uchratib, WBA kamariga sazovor bo‘ladi. U g‘alabadan keyin Manhettenga borib, Rolls-Royce avtomobilini sotib olmoqchi bo‘ladi. Ammo menejeri Jim Jeykobs uni mashinani sotib olmaslikka ko‘ndiradi.

Jim bokschidan 21 yoshga to‘lgunicha kutishini so‘raydi. Menejer bu katta xarid mijozini havolantirib yuboradi deb o‘ylagan.

Tayson Jeykobsga quloq soladi va 21 yoshiga kelibgina, qiymati 110 ming funt sterlingga teng Rolls-Royce Silver Spur’ni sotib oladi.

Foto: The Sun

1987-yilda esa Toni Takerni mag‘lub etib, IBF kamarini qo‘lga kiritadi va kolleksiyasiga narxi 150 funtga mingga yaqin Rolls-Royce Corniche’ni qo‘shib qo‘yadi.

Foto: The Sun

Don Kingning “hadyalari”

Keyinchalik Tayson mashhur promouter Don King bilan hamkorlikni boshlaydi. King “laqqa baliq”ni tuzoqqa ilintirganini yaxshi anglardi, shu bois u yangi mijoziga “hadyalar” berishdan iymanib o‘tirmagan.

Foto: The Sun

Maykni o‘z “o‘g‘li”ga aylantirish uchun promouter unga 1988-yilda ikkita mashina — qora Rolls-Royce limuzini va Corniche’ni topshiradi.

Foto: The Sun

Foto: The Sun

Shu tariqa 22 yoshida Taysonning garajida to‘rtta Rolls-Royce’ni ko‘rish mumkin edi.

Tupak Shakurning Mercedes’i

90-yillarda Tayson shou-biznesdagi ilk aloqalarini yo‘lga qo‘yadi. U o‘z shuhratidan zavqlanib, Gollivudning shovqinli bazmlarida tez-tez ko‘rina boshlaydi.

Foto: The Sun

Foto: The Sun

Uning yangi do‘stlaridan biri Tupak Shakur Taysonni yana bir impulsiv xarid qilishga ilhomlantiradi. Reper bokschiga 1989-yilda ishlab chiqarilgan oq Mercedes-Benz SL-Class 560SL’ni sotadi.

Bir necha oy o‘tgach, Tayson Jeyms “Buster” Duglasga yutqazib qo‘yib, boks olamining hayratiga sababchi bo‘ladi.

Ushbu mag‘lubiyatdan keyin kayfiyatini ko‘tarish uchun “Temir Mayk” 1990-yilgi Mercedes Benz 500 SL avtomobilini sotib oladi.

Foto: The Sun

Rolls-Royce’dan Ferrari’ga “o‘tish”

1990-yillarning boshlari Tayson uchun juda muvaffaqiyatsiz kechadi. Duglasga mag‘lub bo‘lishidan tashqari, Mayk zo‘rlash ayblovi bilan qamalib chiqadi. Bokschi uch yildan so‘ng ozodlikka chiqadi va deyarli darhol WBC kamariga sazovor bo‘ladi.

Shunda Tayson Rolls-Royce’dan Ferrari’ga “o‘tish”ga qaror qiladi. 1995-yilda Mayk birdaniga ikkita superkar sotib oladi — F50 va 456 GT Spyder.

Foto: The Sun

Foto: The Sun

Qayd etish kerak, italyan kompaniyasi GT Spyder modelidan faqat ikkita nusxa ishlab chiqargan. Birinchisi Taysonda bo‘lsa, ikkinchisi Bruney sultoni tomonidan buyurtma qilingan.

Tayson tez orada Ferrari’lardan birini pachoq qiladi – bokschi “toychog‘”i bilan mini-marketga “kirib ketadi”.

Lamborghini va Bentley

1996-yilda Mayk o‘zining birinchi Lamborghini’si — sariq Super Diablo Twin Turbo’ni sotib oladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bokschi qimmatbaho xaridi bilan otishmada halok bo‘lgan do‘sti Tupakni yo‘qotish alamini yengillashtirmoqchi bo‘lgan.

Foto: The Sun

Keyinchalik Tayson hashamatli mashinalarga qaytib, Bentley Continental T sotib oladi.

Foto: The Sun

2000-yilga kelib, amerikalik o‘z kolleksiyasiga Lamborghini Diablo VT va Jaguar XJ220’ni ham qo‘shib qo‘yadi.

Foto: The Sun

Foto: The Sun

Shuningdek, Mayk Bentley Continental SC avtomobili uchun 380 ming funt sterlingning bahridan voz kechadi. Bu turdagi mashinalar faqat 73 ta nusxada ishlab chiqarilgan.

Ayanchli yakun

Tez orada Maykning boksdagi faoliyati pasaya boshlaydi. Shu bilan birga bokschi hashamatli hayot tarzini olib borishni va o‘ylamay pul sarflashni davom ettiraveradi. 2003-yilda u o‘zini bankrot deb e’lon qilgani ham aslini olganda ajablanarli holat emas.

Afsuski, amerikalik o‘z kolleksiyasini saqlab qola olmaydi. Ba’zi mashinalar xususiy kolleksionerlar qo‘lida bo‘lsa, boshqalari muzeylarda saqlanmoqda.