Hindiston 1-iyuldan 19 ta toifadagi bir martalik plastik buyumlar, shu jumladan, stakanlar va naychalardan foydalanishni taqiqladi, deb yozadi “Interfaks”.

Foto: Getty Images

Ushbu chora-tadbirlar plastikdan foydalanishni bekor qilish bo‘yicha davlat rejasining birinchi bosqichiga aylandi. Ro‘yxatga kiritilgan buyumlarni ishlab chiqarish, import qilish, saqlash va tarqatish taqiqlanadi.

Plastik buyumlar ishlab chiqaruvchilari inflyatsiya yuqori sur’atlarda o‘sib borayotgan bir paytda ish o‘rinlari yo‘qotilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun hukumatdan taqiq joriy etilishini kechiktirishni so‘radi, biroq Hindiston hukumati ularga rad javobi berdi.

Hindiston hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilda mamlakatda 4,1 million tonna plastik chiqindilar hosil bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilda Yevropada bir martalik plastik idishlardan foydalanish qat’iyan taqiqlandi. 2019-yilda qabul qilingan tegishli qonunga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi davlatlari bunday mahsulotlarni bozordan olib tashlashi hamda 2021-yil 3-iyulga qadar ularni ishlab chiqarishni to‘xtatishi kerak edi. 12 oy ichida mavjud zaxiralarni sotishga ruxsat berildi, ammo shundan keyin taqiq to‘liq kuchga kirdi.