Namangan viloyat bojxona boshqarmasi vakillari va DXX xodimlari hamkorlikda Yangiqo‘rg‘on tumanida o‘tkazgan tezkor tadbirda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Foto: Namangan viloyat bojxona boshqarmasi matbuot xizmati

Tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan shaxs harakatlanayotgan Cobalt Yangiqo‘rg‘on tumanining “Qizilyozi” mahallasidagi postda to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Ko‘zdan kechirish chog‘ida avtomobil salonining oldingi o‘rindig‘i ostidan ushbu mashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Namangan shahrida istiqomat qiluvchi 56 yashar Ilhomjon G‘ulomovga (ism-sharif shartli) tegishli oq rangli matoga o‘ralgan giyohvand modda topildi.

Foto: Namangan viloyat bojxona boshqarmasi matbuot xizmati

Mazkur modda tortib ko‘rilganida sof og‘irligi 968,23 gramm bo‘lgan “gashish” giyohvandlik moddasi ekanligi aniqlandi va ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan surishtiruv-tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga doir: Namanganda “Qora dori-2022” tadbirlari doirasida ushlangan shaxslardan 3,2 kilodan ortiq giyohvand moddalar olindi