27–29-iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegatsiya Boku Islom hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo mamlakatlar turizm vazirlari Islom konferensiyasining XI sessiyasida ishtirok etdi.

Tadbirda IHT davlatlari turizm vazirliklari va turizm boshqarmalari rahbarlari, shuningdek, IHT institut va tuzilmalari rahbarlari, xususan, IHT Bosh kotibi Brahim Hisseyn Taha va tashkilotga a’zo mamlakatlar delegatsiyalari qatnashdi.

Konferensiya davomida Islom turizmini rivojlantirish bo‘yicha Strategik yo‘l xaritasi, turizm investitsiya loyihalarini amalga oshirish, pandemiyadan keyingi davrda sohani tiklash, islom madaniyati va merosini targ‘ib qilish, sayyohlik ko‘rgazmalarini o‘tkazish va shu kabi mavzular muhokama qilindi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov o‘z nutqida respublika, xususan, Xiva shahrining sayyohlik salohiyati haqida so‘z yuritib, shu mavzuda taqdimot o‘tkazildi, videofilmlar namoyish etildi.

Shuningdek, avval xabar berilganidek, Xiva shahri 2024-yildagi islom dunyosining turizm poytaxti deb e’lon qilindi, 2024-yilda Xiva shahrida Turizm vazirlarining XII Islom konferensiyasini tashkil qilish va har yili O‘zbekistonda “Islom olamida turizm haftaligi”ni o‘tkazishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, “Boku deklaratsiyasi” va “IHTga a’zo davlatlar o‘rtasida turizmni rivojlantirish bo‘yicha rezolyutsiya” ham qabul qilindi.