Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqimiz farovonligini ta’minlash, Vatanimizning xalqaro nufuzini yanada oshirishga qaratilgandir. Jamiyatimizning siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotida kun sayin ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Bu esa Bosh qomusimizda “Yangi O‘zbekiston - ijtimoiy davlat” tamoyillarini yanada mustahkamlash, islohotlar jarayonida inson manfaati bosh mezon bo‘lishini ta’minlash, xususiy mulk daxlsizligini, yerga egalik qilish huquqini, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini konstitutsiyaviy darajaga ko‘tarish, davlat hokimiyati asoslarini takomillashtirish dolzarbligini ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunda yurtdoshlarimiz tomonidan amaldagi Konstitutsiyani yanada takomillashtirish, asosiy qonunimizga bugungi hayot talablariga mos holda qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ko‘plab taklif va mulohazalar bildirildi.

Bu borada mamlakatimiz parlamenti hayotida konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarning barqaror rivojlanishi va mustahkamlanishi, yangi O‘zbekistonni bunyod etish, Uchinchi Renessans asoslarini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli va shiddatli demokratik islohotlar uchun muhim hodisa – “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi.

Jumladan, kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgartishlar bo‘yicha, muhokama-munosabat tadbirlaridan biri “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ Bosh ofisi, hududiy filiallar xodimlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S. Safoyev hamda Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi G. Ismailova tomonidan Konstitutsiyamizga kiritilishi kutilayotgan o‘zgartirishlar batafsil tahlil qilib berildi. Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan aholi fikr va mulohazalarini qabul qilish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilganligi qayd etilib, Konstitutsiyaviy islohotlarda nafaqat olimlar, huquqshunoslar, mutaxassislar, balki fuqarolarning o‘zi ham bevosita ishtirok etishi ta’minlanganligi ta’kidlib o‘tildi.

Bahs va munozaralarga boy o‘tgan tadbirda, Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar fuqarolarning iqtisodiy huquqlarini, xususiy mulkchilikni, iqtisodiy faoliyatning erkinligini himoya qilishga qaratilganligiga alohida e’tibor berildi. Tadbir qatnashchilari tomonidan:

  • davlat tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit, shart-sharoitlar yaratilishi, iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi;
  • tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanishi;
  • yer qonunda nazarda tutilgan shartlar asosida va tartibda xususiy mulk bo‘lishi mumkinligi;
  • davlat byudjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillari ochiqliligi, uning ustidan jamoatchilik nazorati amalga oshirilishi bo‘yicha kiritilayotgan o‘zgartirishlar mamlaktimizda tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish uchun qo‘yilgan muhim qadam sifatida baholandi.

Videoaloqa vositalari orqali ulangan “O‘zmilliybank” AJning hududiy filiallari xodimlari Qonun loyihasi bilan tanishib chiqib, ma’lum moddalar, jumladan, Konstitutsiyamizning 40 moddasida sog‘liqni saqlashga oid qo‘shilayotgan normalar qatoridagi “Davlat Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, uni ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishi” haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lish istagini bildirdilar.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari tomonidan jamiyatimizda gender tengiligini ta’minlash, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, tadbirkorlarga yaratilishi kutilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, fundamental huquq va erkinliklari, malakali tibbiy xizmat, sifatli ta’lim, kuchli va manzilli ijtimoiy himoya, munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilmani ta’minlash yuzasidan Bosh Qomusimizga kiritilishi kutilayotgan o‘zgartishlar borasida berilgan savollari bo‘yicha ham batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar.

Zero, Kostitutsiyaviy tuzatishlar, avvalambor, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub bo‘lgan fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini ta’minlashga, himoya qilishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan normalarga aylanadi.

Reklama huquqi asosida.