Prezident farmoni bilan Qoraqalpog‘istonda 3-iyuldan 2-avgustgacha favqulodda holat joriy etilgani haqida xabar berilgandi. Favqulodda holat amal qilishi davrida qanday chora va vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatilishi ma’lum qilindi.

Farmonga muvofiq bu vaqt davomida:

  • jamoat tartibini, o‘ta muhim va toifalangan obyektlarni hamda aholining hayot faoliyatini ta’minlovchi infratuzilma obyektlarini muhofaza qilish kuchaytiriladi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida harakatlanish erkinligi shu jumladan transport vositalari uchun cheklanadi;
  • jismoniy shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari tekshiriladi, ularning shaxsiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, ulardagi ashyolar va transport vositalari ko‘zdan kechiriladi;
  • Qoraqalpog‘istonga kirish va undan chiqish cheklanadi;
  • tinch yig‘ilishlar, ko‘ngilochar, sport va boshqa ommaviy tadbirlar tashkil etilishi va o‘tkazilishi taqiqlanadi;
  • yuridik shaxslar faoliyatini to‘xtatib turish yoki tugatishga qaratilgan ish tashlashlar va boshqa har qanday harakatlar taqiqlanadi;
  • qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar, maxsus vositalar, zaharli moddalar sotilishi taqiqlanadi. Shuningdek, dori va giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar hamda etil spirti va alkogol mahsulotlari muomalasining alohida tartibi joriy etiladi.
  • jismoniy shaxslardan qurol va o‘q-dorilar, zaharli moddalar, yuridik shaxslardan esa qurol, o‘q-dorilar va zaharli moddalar bilan bir qatorda harbiy va o‘quv-harbiy texnika, portlovchi va radioaktiv moddalar vaqtinchalik olib qo‘yiladi.

Qoraqalpog‘istondagi vaziyat

1-iyul kuni soat taxminan 15:00 lardan boshlab Nukusda ayrim fuqarolar amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda ko‘cha yurishlarini tashkil qildi. Nukusning Markaziy dehqon bozorida to‘planib, namoyishlar uyushtirildi.  Jamoat tartibining buzilishini oldini olish hamda fuqarolar tomonidan turli tartibbuzarliklarni sodir etishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida dehqon bozori hududiga huquqni muhofaza qilish organlarining kuch va vositalari jalb etildi.

Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, Vazirlar Kengashi va Ichki ishlar vazirligi bergan bayonotga ko‘ra, bir guruh jinoyatchi shaxslar populistik shiorlarni niqob qilib olib, fuqarolarning ongi va ishonchini manipulyatsiya qilib, tartibsizliklar tashkilotchilari hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, respublika fuqarolarini Qoraqalpog‘iston Respublikasining ma’muriy binolari oldidagi maydonga yig‘di va ushbu davlat muassasalarini egallab olishga va shu orqali jamiyatda ixtilof keltirib chiqarish, O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat barqarorligini izdan chiqarishga urindi.

Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qabul qilingan qat’iy choralar bilan tashabbuskorlarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari to‘xtatilib, ommaviy tartibsizlik uyushtirishga urinishlar tarqalishiga chek qo‘yildi.

Shavkat Mirziyoyev 2-iyul kuni Nukusga bordi va Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, Qoraqalpog‘iston faxriylari va faollari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda prezident Konstitutsiyaning Qoraqalpog‘istonga tegishli moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini aytdi. Qoraqalpog‘iston xalqiga murojaat qilib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi referendumdan keyingina qonuniy tusga kirishini aytib, fuqarolarning xohish-irodasi, taklif va fikrlaridan kelib chiqqan holda, ushbu loyiha o‘zgarib, takomiliga yetkazilishini ta’kidladi.

Davlat rahbari hozirgi vaziyatda barcha fuqarolarni hamjihatlik va birdamlikka, oqilona ish ko‘rishga, turli g‘arazli chaqiriq va harakatlarga berilmaslikka da’vat etdi.